Saylov uchastkasi qanday jihozlanishi kerak
Qarshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda saylov komissiyalariga ko‘maklashuvchi mahalliy davlat hokimiyati organlari mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan amaliy seminarda mana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur amaliy seminarda shahar va tuman hokimlarining jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha maslahatchilari, hokimliklarning tashkiliy-nazorat guruhi rahbarlari ishtirok etdi.

Seminar Qarshi shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida tashkil etilgan 44-saylov uchastkasini ko‘zdan kechirish bilan boshlandi. Qatnashchilarga mazkur saylov uchastkasi misolida muhim siyosiy jarayonni yuksak saviyada o‘tkazish uchun saylov uchastkasini qanday jihozlash va nimalarga alohida e’tibor qaratish lozimligi tushuntirildi.
Ta’kidlandiki, qonun hujjatlariga ko‘ra davlat organlari saylov komissiyalariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashishi, ularning ishi uchun zarur sharoitlarni yaratishi shart. Buni ta’minlash tashkiliy-nazorat guruhi rahbarlaridan, saylov uchastkasini mazmunan boyitish esa jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha maslahatchilardan katta mas’uliyat talab etadi.

Amaliy seminar ishtirokchilari 44-saylov uchastkasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi Uchastka saylov komissiyasi a’zolari uchun ajratilgan xonalar, tibbiyot xonasi, yashirin ovoz berish kabinalari, statsionar saylov qutisi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli ma’lumotlar joylashtiriladigan stendlar ko‘zdan kechirildi. Seminar infortamika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan 44-tayanch maktabida tashkil qilingan 78-saylov uchastkasida davom etdi. Qatnashchilar Qarshi shahridagi boshqa saylov uchastkalarini ham bori ko‘rdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuqori saviyada o‘tkazish uchun saylov komissiyalari o‘z vakolatlarini amalga oshirishida yaqindan ko‘makchi bo‘lishga, ularning ishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga, saylov uchastkalari toza-ozoda bo‘lishini ta’minlashga kelishib olindi.
O‘lmas Barotov, O‘zA