Saylov uchastkalari mas’ullari malaka oshirdi
Andijon davlat universitetida joriy yilning 9 iyul kuni mamlakatimizda muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi oldidan mahallalardan ko‘rsatilgan kuzatuvchilarning ishtiroki, saylov uchastkalari mutasaddilarining huquqiy bilimlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Huquqshunos olimlardan iborat Respublika ishchi guruhi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi oldidan mahallalardan ko‘rsatiladigan kuzatuvchilarning huquqiy bilimlarini oshirish masalalari” dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur tadbirda saylov uchastkalari raislari, rais o‘rinbosarlari va kotiblariga dasturda belgilangan vazifalar, mahallalardan ko‘rsatiladigan kuzatuvchilarning ishtiroki, ularning vakolatlari haqida huquqiy tushunchalar berildi.
O‘quv mashg‘ulotida Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori S. Xodjayeva, direktor o‘rinbosari Sh. Umarova, institut eksperti N. Yakubova, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili G. Abduvohidovaning O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar va ularning xalqaro me’yorlarga mosligi, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, ularning vakolatlari, funksiya va vazifalari, tarqatma materiallarni taqdim etish va jamoatchilik monitoringi masalalari yuzasidan ma’ruzalari tinglandi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, mavzu doirasidagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi, savol-javoblar bo‘ldi.
Respublika Ishchi guruhi a’zolari tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Andijon viloyati Kengashi majlislar zalida uchastka saylov komissiyalari raislari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda saylov qonunchiligidagi muhim jihatlar, saylov jarayonlarida qonun ustuvorligini ta’minlash xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Shuningdek, Respublika ishchi guruhi a’zolarining probatsiya nazorati ostida turgan shaxslar bilan o‘tkazgan davra suhbatida ularga saylovga oid O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi, ovoz beruvchilarning huquq va majburiyatlari haqida keng ma’lumotlar berildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZAQOV (foto), O‘zA