Saylov qonunchiligiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda
Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining parlament yuqori palatasining o‘n ikkinchi yalpi majlisi oldidan videokonferensaloqa tarzida majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda dastlab “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama etildi.
Endilikda mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 117-moddasiga, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning 3-moddasiga, Saylov kodeksining 29 ta moddasiga, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 6 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
– Ma’lumki, amaldagi konstitutsiyaning 117-moddasiga muvofiq, Prezident saylovi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilar edi. Yangi o‘zgartishlarga ko‘ra esa, saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi, – dedi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Bahodir Yunusov.
– Saylovga oid mazkur qonunda saylov komissiyalari faoliyatini takomillashtirish borasida ham qator yangiliklar nazarda tutilgan. Qonunda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining tavsiyalari asosida saylov komissiyalari nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlanmoqda.
Saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlanmoqda. Saylov natijalarini e’lon qilish muddatlari asossiz cho‘zilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddatini 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirish bo‘yicha muhim o‘zgartirishlar kiritiladi. Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilmoqda va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanmoqda. Xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma saylov qutilari orqali ovoz berishining huquqiy asoslari yaratilmoqda.
Qonun loyihasida belgilanayotgan normalar o‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz saylov tizimida yuzaga kelgan milliy tajriba va xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy amaliyoti asosida ishlab chiqilgan.
Majlisda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020 yildagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Davlat dasturi doirasida jami 170 ta hujjat qabul qilingan. Hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilga nisbatan 101,6 foizni tashkil qilgan.Savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyatining pandemiya sharoitida cheklanishi joriy yilda savdo aylanmasi hamda xizmatlar sohasining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, savdo aylanmasi hajmi 194,8 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 103,2 foizga bajarilgan.
2020 yilda 197 ta yirik loyiha ishga tushirilishi natijasida jami 38 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Majlisda senatorlar tomonidan Dasturda belgilangan vazifalarning hududlar kesimida o‘z vaqtida va sifatli bajarilganligi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA