Saxovatning yetti darvozasi
Yaqinda tojikistonlik taniqli ӯzbek yozuvchisi Yoqubjon Abdumannonning “Ariq bӯyidagi rayhonlar”, deb nom olgan yangi kitobi nashr etildi.
Yaqinda tojikistonlik taniqli ӯzbek yozuvchisi Yoqubjon Abdumannonning “Ariq bӯyidagi rayhonlar”, deb nom olgan yangi kitobi nashr etildi. Badia va esselardan iborat ushbu kitobda ana shu ezgu maqsad baralla seziladi.
Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi Abulqosim Lohutiy nomidagi, Ӯzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining “Oltin qalam” mukofotlari sohibi bӯlgan Yoqubjon Abdumannonning “Sukunat hayqirigʻi” kitobi ӯquvchilar qӯliga yetib borgan.
“Ariq bӯyidagi rayhonlar” kitobidan ӯrin olgan quyidagi badiani siz, aziz ӯquvchilarga ilindik.
Inson qalblarini bir-biriga kӯz ilgʻamas rishtalar bilan bogʻlab turuvchi, qadr-qimmatning oliy pogʻonasiga olib chiquvchi, rahmatli enam aytganlariday, inson yuziga osmonday pokiza farishtalarni jo etuvchi va ana shu farishtalar bilan inson yuzini istarali etuvchi narsa nima ekan u?!.
Dardu alamdan tӯlib-toshgan ӯksik qalblarga taskin berib aytilgan sӯzlarmi va yo qӯllaringga tikilgan mungli nigohlarning sendan kӯrgan xayru ehsonimi?..
Rahm-shafqatmi?..
Mehr-oqibatmi?..
Ehtimol, chorasizlikdan shafqatsiz hayotning ming bir kӯchasida sӯqirona adashib yurgan bechora-yu beholga kӯrsatgan tӯgʻri yӯlingdir?!
Meni bu hadsiz xayollar ummoniga tashlagan narsa – soddadil bir mӯysafidning dorilbaqoga rixlat etishi anchayin odamlar dilini larzaga solgani bӯldi. Uning turmush tarzi kӯpnikiday, oddiydanda oddiy.
Oddiy odamlar haqida yozmoq esa juda mushkul. Negaki, ularning biz bilgan va hanuzgacha adabiyotda ӯqib kelayotgan amal kursisini chavandozlarnikidek kӯzga yalt etib tashlanuvchi sifatlari yӯq. Yurishlari, yemish-ichmishu qilmish-kechmishlari kӯpnikiday sodda, boshqacha qilib aytganda, tabiiy. Qodir Xudo ularga nimaniki ato etibdi, bari-barisi samimiy, mansab ketidan quvib, obrӯ talashib va yoxud ӯzgalar rizqiga xiyonat qiluvchilarnikiday “obu havo”ga mos yuz xil libosda tovlanishlar esa ularga umuman yot.
Ana shunday odamlar sirasiga kiruvchi usta Nazir bobo qishloqda uzoq yillar tanho yashadi. Kampiri ancha yil burun qazo qilgandi. Hovlisida ikki tup shohtuti bӯlardi. Tomorqasidagi olmani kuzda qӯni-qӯshnilar hashar qilib terib berishardi. Qismatning eng shӯr nuqtasi – farzandi yӯqligi olis kechalarda bilinmasa, kunduzi hovlisidagi mahalla “churvaqa”larining nafasidan uning farzandsizligi sezilmasdi. Kasbu kori duradgor bӯlib, u-bu narsa yasab sotardi. Kӯpincha yasagan sandalu beshiklarini bozorga olib chiqishiga ham hojat qolmasdi. Ӯzlari kelib, olib ketishardi. Ora-sirada bozorga chiqib qolsa, bir qop narsa orqalab hovlisidagi bolalarga ulashardi. Qishloqning u chekkasida biror bola gʻoyib bӯlsa, bobonikidan topish mumkin edi. Shundoq ham u bilan chaqchaqlashish niyatida turli joylardan tez-tez yӯqlab kelib turishardi.
…Vaqt ӯtib, cholni Xudo aziz qilganida, qishloqning qalbi aziyatdan titradi… bolalar kalavasining uchini yӯqotib, bu holga kӯnikolmay qolishdi…
Keyin oradan anchayin kun ӯtib, qӯshni qishloqda quroldosh dӯstimizning tӯyida ӯtirganimizda, bir ӯrta yoshli kishi chol haqida gap ochib qoldi.
- Usta Nazir boboning qishlogʻidan ekansiz, uka, boboy sogʻ-omon yuribdilarmi? — dedi.
- Ӯtganlariga uch-tӯrt oy bӯlib qoldi, — dedim.
- E, e, yӯgʻ-ye-ye… nahotki? Haligi beshikchi chol-a? — dedi ishonqiramay, hayratdan zӯriqqan kӯzlarini bir nuqtaga tikib turdi-da, ӯziga kelib, “Xudo rahmat qilsin”, deb yuziga fotiha tortdi.
- Ha-a-a, — dedi yana chuqur xӯrsinib. –Shunday odamlarni ketdi desa, ishonging kelmaydi. Qara-ya. Bu dunyo ӯzi shu ekan-da… Rahmatli himmati baland chol edi. Shuncha joydan borganim uchun hech qanday gap-sӯzsiz menday yetti yot begona odamga bir-ikkita sandalni bepul inʼom qilib yuborgandi. “Ota, bu qanaqasi bӯldi, axir. Kerak bӯlgandan keyin dunyo chetidan bӯlsa ham kelamiz-da, oling bu xizmat haqini” desam, “E birodar, olavering dedim-ku. Ega rozi – Xudo rozi. Qolaversa, hamma narsani ham pul bilan ӯlchab bӯlmaydi-ku. Olavering. Sizga foyda bersa, bir chetdan savobi bizga ham tegar” degandi. Xudoni ӯrtaga qӯyib rozichilik berganidan sӯng yana nima ham derding. Boshim osmonda uyga qaytgandim.
Hanuzgacha qishloq Nazir boboni qӯmsab yashaydi.
“Boyaqish berardi-yu, sӯramasdi. Kӯpchilikka bergan omonatidan kechib yuborardi”.
“…Bunaqa odamlar kamdan-kam!”
“Saxovatning yetti darvozasini ochgan edi-da!!!”
Uning olijanobligidan kelib chiqqan sifatlari odamlar ongiga qӯrgʻoshinday quyilib qolgan edi.
Ana shunda shuurimda men izlagan bir haqiqat yolqinlandi. Xalqdan uning shaʼniga qarata aytilgan taʼrifu tasniflar – bagʻrining kengligi, nuroniy diydalarining muloyim boqishi, hamma vaqt ham har kimga ham ochiq chehra bilan muomalada bӯlishini eshitganimda ham boboga qӯshish kerak bӯlgan yana nimadir yetishmaganday bӯlardi.
Yuragim yorishdi…
Ha, Nazir bobodagi ilohiy xislat bu- saxovat edi.
Saxovat…
U ona Quyosh…
Tuproq- u…
Saxovat – bagʻringdek keng osmon…
Uning qaʼrida insoniylikning eng oliy, shaffof manzillariga uloqqan yӯl yastanib yotadi. Zalolatdan mosuvo bӯlganligi uchun ham bu yӯl haqiqatning suronli yӯllariday sharafli va ogʻirdir.
Himmat otligʻ tulporlarni egarlab, bu yӯlda javlon urmoq undan-da mushkul.
U sham edi. Nazir ota misoli shamga ӯxshardi.
Sharq mutafakkiri Abdurahmon Jomiy aytganiday:
Shamdek bӯl, shamni kӯr, kuyib qalbu tan,
Ӯzgalar bazmini qiladi ravshan.
Gohida shahar kezib yurganingda bozor eshiklari, kӯcha-kӯy, turli gavjum joylarda yupun kiyingan dili xastalar kushod qӯllarini chӯzgancha mӯltirab, najot kutib kӯzingga boqadi.
Kimdir yuragining tub-tubida ingragan shafqat tuygʻusiga javoban uning qӯllariga nimadir tashlab ӯtadi.
Kimdir uning tinimsiz javrab turgan ogʻzini yopish uchun “ehson” qiladi. Birovlar ularga qarashning ӯziniyoq or bilib va yoxud u notavonlarni odam sanamay parvoyi palak ӯtib ketadi.
Baʼzan esa qandaydir “katta”lar ustiga ustak ularga ozor berib, chetga uloqtirishga harakat qiladilar. “Agar dunyo shu olifta “katta” qӯlida qolsami…” degan ӯy ongimni tilib ӯtadi.
Shunda beixtiyor kӯz ӯngimda Nazir ota gavdalanadi. Shukrki, ular kabi insonlar bor. Bu kӯhna ochunni ularning buyuk saxovati tutib turadi…
Ӯzimizning xalqlarni purhimmat sanashadi. Ayniqsa, tojigu ӯzbeklar. Ularning jahonga mashhur sifati mehmondӯstligi ham ana shu himmatning bir parchasidir. Bu xislat taʼrif etilgan joylar talay. Mana shulardan bittasi:
-Xalqimizning taxmonida 8-10ta ohori tӯkilmagan atlas va baxmal kӯrpalar, katta bolishlaru har biri besh metr keladigan yakandozlar bӯladi.
-Namuncha?
-Mehmon kelganda ostiga tӯshash uchun!
-Har bir xonadonda 10-15ta choynak, 30-40ta piyola, shuncha kosa, laganlardan ham shuncha bӯladi.
-Namuncha?
-Mehmonlar oldiga har turli taom olib chiqish uchun!
-Bisotida ikki-uchta chopon, besh-ӯnta dӯppi, shuncha kӯylak, qiyiqlardan ham shuncha bӯladi.
-Namuncha?
-Mehmon kelganida egniga ezgulik niyatida kiydirib qӯyish uchun!
Uning uyiga kirsangiz – sertokcha, sertaxmon.
Tokchalarda idish-tovoq, taxmondagi sandiqlar ustida qavat-qavat kӯrpachalar… Shu bois xalqimiz tor uyiga yuzta mehmon kelganda ham shoshib qolmaydi, yuz kun turganda ham malol kelmaydi.
Sodda qilib bir kitobda yozilgani shular, xolos. Biroq bularni uning debochasi deb ham atashga arzimaydi hali. Odamlarimiz doim shu alfoz umr kechiradi. Bunday yashashga himmatining buyukligi, saxovatining cheksizligi-yu qӯlining ochiqligi undaydi. Ӯzgacha bӯlishi mumkin ham emas. Chunki Ruhi pok uning. Xalq bӯlib yaralibdiki, avloddan-avlodga, vorisdan-vorisga, zurriyotdan-zurriyotga oqayotgan qonida saxovat hissi arigan emas.
Shularni xayolimdan ӯtkazar ekanman, chigallashgan ӯylarimga yorugʻlik yugurganday bӯlaveradi.
Insoniyatning aqli bilan yaratilgan jamiki sanʼat durdonalari borki, ularda doimo ezgulikka chorlov, saxovatu shafqatga daʼvat tuygʻusi jaranglab turadi.
Bu kun ellarimizni hadsiz maʼnaviy azoblar iskanjasiga olgan. Qayoqqa qaramang, oynoma-yu rӯznomalar, radio-yu “oynai jahon”lar ularning ohu nolasi bilan tӯlib-toshgan. Bularning asosi yana ӯsha odamlardagi insoniylik liboslarining yӯqolib borishiga taqaladi.
Darhaqiqat, fikrning qanchalik tӯgʻriligini zamonning ӯzi isbotlab turibdi. Mehr-muhabbat, insofu iymon, shafqatu adolat. Biz ustida tӯxtalgan saxovat tuygʻusi ham ular qaʼriga shunchalar singib ketganki…
Ha, Inson baribir Inson. Bu ӯtkinchi dunyoda shohmi gado – borar manzili oxir-oqibat – Tuproq. Unutmaylik!!!
Parvardigor uni shunday yaratganki, doimo u nimagadir tashna bӯlib yashaydi, kimgadir muhtoj u.
Ha, olam yaralibdiki, majruh qalblarni yaxshilarning saxovatlari-yu muruvvati asrab kelgan. Bu dunyoda faqat yaxshilik qoladi, deydilar-ku axir, mashoyixlar.
Kim ӯzligini ӯzida jo etgan qalbining huzuru halovat topishini istamaydi?! Kim hojati ravo bӯlib, tole quyoshidan bahra olishini istamaydi?!
Zero, shunday ekan, saxovat kutish bilan birga unga dilimizdan joy beraylikki, tokim biz kӯzlagan muqaddas manzil yӯllarini uning nurlari munavvar etib tursin.
Yoqubjon Abdumannon