Saxovatli tog‘lar bag‘rida yashamoq gashti...
Shahrisabz so‘lim tabiati bilan Qashqadaryo viloyatining boshqa tumanlaridan ajralib turadi. Bu yerda ta’rifi tilga sig‘mas, yetti iqlimning lojuvardlarini o‘zida jamlagan manzillar bisyor.
Shahrisabz so‘lim tabiati bilan Qashqadaryo viloyatining boshqa tumanlaridan ajralib turadi. Bu yerda ta’rifi tilga sig‘mas, yetti iqlimning lojuvardlarini o‘zida jamlagan manzillar bisyor. Biri biridan g‘aroyib bu go‘shalarda bir marta sayr qilgan kishining bor charchog‘i tarqab, taniga quvvat inadi, ruhiyati tiniqlashib, kayfiyati ko‘tariladi.
Ana shunday maskanlardan biri – tuman markazidan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan Sarchashma qishlog‘idir. To‘g‘ri, bu qishloqqa borish biroz mashaqqat talab qiladi. Ammo g‘oyat ekstremal zavq beradi. Aylanma, keskin burilishlari mo‘l tog‘ yo‘li sizni pog‘onama-pog‘ona yuqoriga boshlab chiqaveradi. Toshlari asrlarni qaritgan tog‘ manzaralariga hali ko‘zingiz o‘rganmay turib, yana bir mo‘jizaga duch kelasiz: tog‘ yo‘lining o‘ng tomonida bepoyon ko‘l – Hisorak suv ombori yastangan. To‘q ko‘k tusda, bir maromda tovlanayotgan ko‘l dengizga mengzaydi. Uning mavjlari ustida suzib yurgan bug‘lar sizni to Beshbek, Hisorak qishloqlarigacha kuzatib boradi. Ulardan so‘ng Tamshush va Nondek qishloqlaridan o‘tib, ikki, ikki yarim soat deganda Sarchashmaga kirib borasiz. Yo‘lda haydovchiga albatta “Sen bahorni sog‘inmadingmi?” qo‘shig‘ini buyurtma qiling. Shunda vaqt qanday o‘tganini sezmay qolasiz.
Biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan manzil – 4 ming 700 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan Sarchashma qishlog‘i Qirqqiz, Shoh yurti, Ayritog‘ cho‘qqilari etagida joylashgan. Bu yerda asosan tojik millatiga mansub kishilar dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib hayot kechirishadi. Deyarli har bir xonadon o‘zi uchun ajratilgan yerda dehqonchilik qilib, har yili tonnalab kartoshka, olma, yong‘oq kabi mahsulotlarni bozorga chiqaradi.
Qishloqqa kirish joyda to‘xtab, tabiat atalmish buyuk rassom chizgan “surat”larga sin solib kuzatdik. Ulug‘vor tog‘lar, qor qoplagan viqorli cho‘qqilar atrofga o‘zgacha fusun bag‘ishlagan. Qalin qorlar ostida o‘z yo‘lini axtarib, shildirab oqa boshlagan jilg‘alar jonlanib qolgan. Yelkasiga oftob doim tegib turadigan tog‘ yon bag‘irlarida chuchmomalar nish urib, ochilib qolganidan tog‘larga bahor nafasi kelganini anglaysan kishi...
Avloqul bobo Qarshiev 90 yoshda. U yaqin-yaqingacha qishloqdagi suv tegirmonni yuritgan. Suyagi mehnatda qotgani uchunmi qor-qirovli kunlarda muzlagan, uncha-buncha kishi toyilib ketishdan qo‘rqadigan yo‘llardan ham bardam odimlaydi. Mehnat qilgan inson hech qachon kam bo‘lmasligini bot-bot takrorlashdan charchamaydi.
– Tog‘ sharoiti og‘ir ko‘ringani bilan u juda saxovatli aslida, – deydi Avloqul bobo Qarshiev. – Musaffo havo, ziloldek shirin suv, ular yordamida nafaqat tanimiz sog‘lom, balki yetishtirgan dehqonchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik mahsulotlarimiz ham sifatli. Masalan, bog‘imizda 60 tup yong‘oq bor. Ularning har biridan 1 qopdan yong‘oq terib olamiz. Tog‘da yetishtirilgan kartoshkaning ta’mini bilsangiz kerak. Qish faslida tayyorlangan qatig‘imizdan ichib ko‘rganmisiz? Saryog‘ni-chi? Bularning hamma-hammasi tog‘ning bizga bergan saxovati-da. Buning uchun faqatgina yaratganga shukrona keltiramiz.
Sarchashma aholisi asosan dehqonchilik qilib kun kechirgani uchun bu yerda temirchilar g‘oyat qadrlanadi. Ayni shu kunlarda ularning ustaxonasida ish qizigandan qiziydi. Chunki dalaga chiqish payti yaqin. Ketmon, kerki, tesha, hamma-hammasini shaylab qo‘yish kerak. Zero, ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur deb bejizga aytishmagan.
70 yoshni qoralab qolgan Ergash bobo Suyarov ham erta tongdan qosh qorayguncha ustaxonasida. Qishloqda elektr muammo bo‘lmay qolgach, Ergash bobo bosqon bosishning ajoyib usulini o‘ylab topgan. U elektr varrak yordamida olovni alangalatib, temirni qizdiradi. Qip-qizil cho‘g‘ tusini olgan temirga bot-bot ko‘z qirini tashlab, tesha yasashda davom etadi. Temirchining noni og‘ir, lekin baliq go‘shtidan ham halol, deb bejizga aytishmas ekan. Usta bitta tesha yasash uchun ancha vaqtgacha tinim bilmaydi. Darvoqe, u nafaqat dehqonlarga, balki duradgor ustalarga ham tesha yasab beradi. Qishloqda bunday ustalardan 70 chog‘lisi bor. Biri qo‘yib biri Ergash boboning eshigini taqillatib keladi. Boboning aytishicha, hunarmandchilik – hech qachon urfdan chiqmaydigan soha. Bundan o‘ttiz-qirq yil oldin odamlarda temirchilik ustaxonasida yasalgan buyumlarga ehtiyoj qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham oshsa oshganki, kamaygani yo‘q.
– 38 yi
ldan buyon temirchilik bilan shug‘ullanaman, – deydi E.Suyarov. – Shuning ortidan ro‘zg‘orimni tebratdim, farzandlarni uyli-joyli qildim. Temirchilik hayotimning mazmuniga aylanib qolgan, desam ham adashmayman. Bir kun ustaxonada ishlamasam, nimadir yo‘qotgandek his qilaman o‘zimni. Bolg‘a bilan qizigan temirga har bir zarbani urganimda undan chiqayotgan sado musiqadek bir xil ritmda yangrashini eshitsam dam olaman. Dilim yayraydi. Ikki nafar shogirdim ham xuddi o‘zim singari qishloqdan ustaxona ochgan. Dehqonchilik, hunarmandchilik uchun zarur bo‘ladigan buyumlarni yasab, el koriga yarayotganimdan xursandman.
Qizig‘i, Sarchashmada egri-bugri bo‘lib, tepalikka tomon o‘ralagan ko‘chalarning ikki chetidagi xonadonlarning birortasi devor bilan o‘ralmagan. Bu nimadan darak beradi? Qishloqda “qo‘li egri” odam yo‘qligidan, hamma o‘ziga to‘qligidan… Sinamoq sharti qishloqning istalgan yeriga buyumingizni qo‘yib keting, to o‘zingiz qaytib kelmaguningizcha birov tegmaydi. Qishloqqa begona ko‘z oralasa, darrov hamma biladi.
Darvoqe, qishloqda joylashgan maktab va bolalar bog‘chasi garchi olis hududda ekaniga qaramay viloyatda yetakchi ta’lim muassasalaridan hisoblanadi. Masalan, Sarchashmadagi bog‘cha yaqinda viloyat hokimligi tomonidan viloyatda 2019 yilda ijobiy natijalarga erishgan va barchaga o‘rnak bo‘lgan eng sara maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan biri sifatida taqdirlangandi. Shu qishloqda joylashgan 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabi esa joriy o‘quv yilida bir yo‘la 4 nafar o‘quvchisi fan olimpiadasining viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan. Bu muvaffaqiyatlar sababini viloyat xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim boshqarmalari mutasaddilari Sarchashmada kadrlar salohiyatining yuksakligida deb biladi. Ularda har bir ishga mas’uliyat bilan yondashiladi. Shuning uchun ham bu yerdagi maktabdan 15 nafar fan doktori va fan nomzodi yetishib chiqqan. Maktabda 3 nafar xalq ta’limi a’lochisi, 1 nafar oliy, 11 nafar birinchi, 31 nafar 2-toifali mutaxassislar, jami 72 nafar o‘qituvchilar yoshlarga bilim sirlarini o‘rgatmoqda.
O‘quvchilar bo‘sh vaqtlarida musiqa, mohir qo‘llar, duradgorlik hamda boshqa sport va fan to‘garaklariga qatnaydi.
Sarchashmada yaqinda yoshlar hayotida yana bir quvonchli voqea bo‘ldi. 10 million so‘mlik tojik tilidagi yangi kitoblar bilan boyitilgan ko‘chma kutubxona ochilib, u tez orada yoshlarning sevimli maskaniga aylandi.
Qishloqda yoz oylarida erkaklarning dehqonchilik, chorvachilik ishlariga qarashgan ayollar borliqni qor qoplagan kunlarda ham bekor o‘tirishmaydi.
Bundan tashqari, qishloq ayollaridan tashkil topgan “Nasime Ko‘hsor”, ya’ni “Tog‘lar sadosi” folklor jamoasi o‘zining tojikcha, o‘zbekcha sho‘x qo‘shiqlari bilan davralarni qizitadi. Hech bir to‘y, hech bir bazm ularning ishtirokisiz o‘tmaydi.
– O‘zim shifoxonada hamshira bo‘lib ishlayman, – deydi Xosiyat Tosheva. – Qish mavsumi qishlog‘imizda uzoq davom etadi. Shu bois ayollarimiz bo‘sh vaqtlarida yig‘ilib, jun titib, ip yigiramiz va shu bahonada milliy laparlarimizni aytib xirgoyi qilamiz. To‘ylarda ham shunday bazmlar uyushtirish an’anaga aylanib qolgan. Laparlarda milliy urf-odatlarimiz aks etgan. Eng muhimi ularni aytish orqali mana shu merosni avlodlarga yetkazamiz. Bunday ashulalar og‘izdan og‘izga o‘tib, sayqal topib boqiy yashayveradi.
Sarchashmada tog‘lar o‘zining qor ko‘rpasini yopinib olganiga qaramay doim aholi nima bilandir band. Har kun shunday boshlanib, shunday tugaydi. Yuzlab chashmalardan chiqqan suvlar esa jilg‘alarga aylanib, hayot shodlik va g‘am bilan qorishiq ekanidan rivoyat qilgancha daryo tomon intilaveradi.