Saxovat va mehr-muruvvat tantanasi
Xalqimizda saxovat va mehr-muruvvat kabi tuyg‘ular azaldan shakllangan. Bunday qadriyatlarimiz, ma’naviy merosimiz asrlar osha davom etib kelmoqda.
Guliston shahrining “Sayqal” mahallasida yashovchi Zulfiya Abdualiyeva ana shunday saxovatpesha insonlardan. U ellik besh yoshga to‘lish arafasida anchadan buyon ko‘ngliga tugib qo‘ygan niyatini amalga oshirdi. Zulfiya opa mahalladagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farrzandlariga sunnat to‘yi o‘tkazib berdi.



Xayriya to‘yda Guliston shahar hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi mas’ullari, bolalarning yaqinlari ishtirok etdi.
– Bizning “Sayqal” mahallamizda bir yarim mingdan ziyod oila tarkibida 6 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, – deydi “Sayqal” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Nazira Hayitova. – Ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek ezgu va xayrli ishlar o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Mahalla ahlining hamjihatligida o‘tkazilgan to‘y tadbiri ham ana shunday xayrli ishlardan biri bo‘ldi. To‘y tantanasida bolalarning ota-onalari, qarindosh-urug‘lari, mahalla faollari, nuroniylar ishtirok etadi. Tantana ochilishida so‘z olganlar mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.


Bolajonlarning sunnat to‘ylari to‘kin dasturxon, o‘ziga xos, milliy an’analarimiz asosida o‘tkazilganligi bolalar, ularning ota-onalariga quvonch bag‘ishladi.
– Farzandim Ansarning sunnat to‘yi o‘tkazib berilganidan behad mamnunman, – deydi shu mahallada yashovchi Luiza Hasanova. – Zulfiya opa Abdualiyeva homiyligida farzandim qatori yana o‘n besh nafar bolaning to‘yi bekam-u ko‘st o‘tkazilganidan minnatdorman. E’tibor va g‘amxo‘rlikdan boshim ko‘kka yetdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA.