“Saxovat uyi” da yashovchilarga yangi yil sovg‘alari ulashildi
Andijon shahridagi “Saxovat” internat uyida yashayotgan otaxon va onaxonlarga “Kuch – birlikda” fondi tomonidan yangi yil sovg‘alari topshirildi.
Inson qadrini ulug‘lash, keksalarga mehr-oqibat, ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi. Qolaversa, yoshi ulug‘ insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Buni Andijon shahridagi “Saxovat” keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ixtisoslashgan internat uyida o‘tkazilgan saxovat tadbiri misolida ham ko‘rish mumkin.

Saxovat tadbirida Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan “Kuch-birlikda” fondi mas’ullari Vera Raupova, Bahodir Allamuradov, “Saxovat uyi” direktori Otabek Ismoilov, mehnat faxriysi, tadbir tashkilotchilaridan Maya Usmonaliyeva so‘z olib, otaxon va onaxonlarni yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayrami bilan muborakbod etdi, ularga sog‘lik-salomatlik tiladi.

Ayni kunda “Saxovat” uyida 100 nafarga yaqin keksa otaxon va onaxonlar istiqomat qiladi. Ularning aksariyati 1- va 2- guruh nogironlaridir. Muassasada ana shu insonlarning yashashi, salomatligini saqlash uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
– Muassasada keksa otaxon va onaxonlarning bekamu ko‘st yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi “Saxovat” uyi direktori Otabek Ismoilov. – Ayniqsa, ularning salomatligini saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 70 nafar shifokor, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari kunu tun ularning xizmatida.
Bundan tashqari, keksalar va nogironlarning yashashi, salomatligini tiklashi uchun trinajyor zali, fizioterapiya, dam olish, yuvinish xonalari, kutubxona tashkil etilib, eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.
“Saxovat” uyiga nafaqat Andijon viloyatidagi, balki respublika miqyosidagi turli tashkilotlar, jamg‘armalar vakillari ham tez-tez tashrif buyurib, keksa otaxon va onaxonlarning holidan xabar olish, ularning o‘ksik ko‘ngillariga quvonch ulashish an’anaga aylangan.

Tadbir davomida “Saxovat uyi”da yashovchi barcha nuroniylarga yangi yil sovg‘alari ulashildi.
– “Kuch – birlikda” fondining biz keksalarga ko‘rsatgan saxovatidan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi, – deydi “Saxovat uyi”da yashovchi Komiljon ota Turg‘unov. – Bizga hamisha mehr-e’tibor ko‘rsatayotgan hukumatimizdan, umuman, ko‘nglimizga quvonch ulashayotgan barcha yaxshi insonlardan behad minnatdormiz.
Saxovat tadbirida Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi direktori o‘rinbosari Bekzod To‘ychiyev rahbarligidagi bir guruh ustoz va o‘quvchilar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi otaxonlarga bayramona, xush kayfiyat ulashdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA