Savdo markaziga “zahri qotil” olib kirmoqchi bo‘lgan xorijlik fuqaro ushlandi
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasiga qo‘shni davlatdan kirayotgan shaxs ichki a’zolariga yashirib, yuz gramm og‘irlikdagi “gashish” giyohvandlik moddasini olib o‘tmoqchi bo‘lganida qo‘lga tushdi.
Savdo zonasi hududiga “zahri qotil” olib kirmoqchi bo‘lgan qo‘shni davlat fuqarosining siri viloyat bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo bo‘yicha boshqarmasi, chegara qo‘shinlari va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri chog‘ida fosh etildi.
Gap shundaki, “Ayritom” chegara bojxona postidagi “Body Scanner” qurilmasi orqali nazoratdan o‘tkazilgan chet ellik 18 yoshli shaxsning ichki a’zolariga shubhali predmet yashirgani aniqlandi. Tekshiruvda uning to‘g‘ri ichak qismiga joylashtirilgan bir dona polietilen o‘ram ichida 100 gramm og‘irlikdagi “gashish” giyohvandlik moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Viloyat bojxona boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yana bir tezkor tadbirda “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududida oldindan kuzatuvga olingan 49 yoshli xorij fuqarosi qariyb 49 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini sotishga uringan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi. U giyohvandlik vositasini shartli xaridorga sotish uchun kelishilgan 3 ming 600 dollar va “Samsung S26 Ultra” rusumli uyali aloqa vositasi ham daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi.

Ayni paytda har ikki holat yuzasidan bojxona organlari jinoyat ishi qo‘zg‘atib, surishtiruv harakatlarini olib bormoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA