Saudiya: muhokama mavzusi - keskinlik va xavfsizlik
Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad bin Salmon va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida mintaqadagi harbiy vaziyat va keskinlikning oqibati atroflicha muhokama qilindi. RF yetakchisi Saudiyaning suvereniteti va hududiy xavfsizligi qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi. Tomonlar suv yo‘li xavfsizligi va jahon iqtisodiyotiga ta’sir masalasiga ham to‘xtaldi.
O‘zA hamkori SPA agentligi yozishicha, uchrashuvda Fors ko‘rfazidagi vaziyatning xalqaro savdoga daxli alohida ko‘rib chiqildi. Dengiz orqali neft va gaz tashishdagi xavf jahon iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi boshqa mavzular bo‘yicha ham fikr almashdi. Ushbu muloqot hozirgi geosiyosiy vaziyatda muhim diplomatik qadam sifatida baholanmoqda.
Shu kunlarda qator islom davlatlari, jumladan Saudiya Isroil qabul qilgan, G‘arbiy sohilda falastinliklarga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanishiga imkon beradigan yangi qonunni keskin qoralamoqda. Ko‘p mamlakatlar ayni yondashuv odamlarni kamsituvchi, shu bilan birga vaziyatni yanada keskinlashtiruvchi qadam ekanini ta’kidlagan. Bunday qarorlar mintaqa barqarorligiga jiddiy tahdid solishiga urg‘u berilgan.
Bayonotda falastinlik mahbuslar holati alohida qayd etilib, qamoqxonalardagi qiynoq, inson huquqi buzilishi bilan bog‘liq hodisalar hamda yuzaga kelgan og‘ir sharoitdan kuchli xavotir bildirilgan. Xalqaro hamjamiyat vaziyatga aralashish va javobgarlikni ta’minlashga chaqirilgan. Barcha tomonlar keskinlikni yumshatishga da’vat etilib, diplomatik yechimga qaytish zarurligi yana bir bor tasdiqlangan.
Musulmon Ziyo, O‘zA