Sarhisob va ustuvor vazifalar muhokamasi
Farg‘onada 2014-yil yakunlari va 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Farg‘onada 2014-yil yakunlari va 2015-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Sh.G‘aniyev boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot shaklida tashkil etildi. Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘tgan yili viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Yalpi hududiy mahsulotning o‘sish sur’ati 8,4 foizni tashkil etib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 10,2, jumladan, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 7, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 6,7, chakana tovar aylanmasi 13,3, xizmat ko‘rsatish 9,2 foiz o‘sdi.
Viloyatda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, investitsiya, xususan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Sanoatni rivojlantirishning maqsadli dasturlari doirasida 154,4 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, 550 ishlab chiqarish loyihasi hayotga tatbiq etildi. Natijada 12 ming ish o‘rni yaratildi va shu loyihalar doirasida 262 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Olis va chekka hududlarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. 2013-2014-yillarda 4 ming 854 xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etilgani buning tasdig‘idir.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilayotgan investitsiya muhiti va zarur sharoitlar natijasida ularning soni yildan- yilga ko‘paymoqda. O‘tgan yili 2 ming 500 kichik biznes va 6 ming 300 xususiy tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. 14 mingga yaqin tadbirkorlik subyektiga tijorat banklari tomonidan 600 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari, 702 subyektga yer uchastkalari ajratildi. Natijada kichik biznes subyektlarining sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 21 foizdan 28 foizga o‘sdi. Ushbu sektorning viloyat yalpi hududiy mahsulotidagi ulushi 62,1 foizni tashkil etdi. Ular tomonidan yaratilgan yangi ish o‘rinlari soni 69 mingdan ortib, bandlikdagi ulushi 78 foizga yetdi.
Shuningdek, viloyatda aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. 2014-yilda 93 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hisobidan 110 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Ajratilgan mablag‘lar doirasida 2008-2014-yillarda 125 ming kilometrdan ortiq kollektor-drenaj tarmoqlari rekonstruksiya qilindi. Ushbu tadbirlar natijasida 110 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holati yaxshilandi.
Yig‘ilishda ayrim sohalarda mavjud imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Farg‘ona viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.