Sarhisob va istiqboldagi rejalar
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limining 2023 yil birinchi yarim yillik faoliyati yakunlari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlandiki, o‘tgan davr mobaynida aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” dagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga doir huquqiy asoslar, yetarli sharoitlar takomillashtirib borilmoqda.


“Mahalla” xayriya jamoat fondining 2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshiriladigan vazifalar to‘g‘risidagi ish rejasi va nizomiga muvofiq joriy yilning birinchi yarimida bir qator ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy tadbirlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj va tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan 199 nafar fuqaroga jami 114 million 566 ming so‘m xayriya yordami ko‘rsatildi. Xususan, 60 nafar kam ta’minlangan oilaga 13 million 576 ming so‘m, 37 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga 72 million 525 ming so‘m, 46 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga 10 million 413 ming so‘m, 13 nafar fuqaroga boshqa turdagi 5 million 354 ming so‘mlik xayriya yordamlari ko‘rsatildi.



“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va bo‘linmalari qoshidagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan Xalq deputatlari viloyat kengashi hamda tuman, shahar kengashlari qarorlariga asosan 8 ming 977 nafar fuqaroga 13 milliard 160 million 800 ming so‘m mablag‘ sarflandi.


Bundan tashqari joriy yilning Ramazon oyida iftorlik dasturxonlarini 819 ta mahallada 93 ming 445 nafar fuqaro ishtirokida o‘tkazilishi uchun 7 milliard 389 million 577 ming so‘m moliyalashtirildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA