Sardobada murakkab jarrohlik amaliyoti bajarildi
Tibbiyotdagi islohotlar tufayli bugungi kungacha poytaxtda va viloyat markazidagi ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida amalga oshirilayotgan kaminvazivli laparoskopik va murakkab yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari olis hududlarda ham yo‘lga qo‘yilayotgani shu turdagi amaliyotga muhtoj bemorlar uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi.
Sardoba tumanida yashovchi, 1988-yilda tugʻilgan Feruza Rahmatullayeva tayanch harakat tizimi bilan bogʻliq muammo, revmatoid poliartriti, ikki tomonlama displastik koksartroz hamda ikkala son suyagi boshchasi aseptik nekrozi sabab, 2020-yilda Sardoba tuman tibbiyot birlashmasiga, viloyat va respublika miqyosidagi tibbiyot muassasalariga davo umidida murojaat etadi.
Ammo oʻsha yili sirdaryolik va poytaxtlik mutaxassislar tavsiyasiga asosan u Hindistonga borib, chap chanoq-son boʻgʻimi bilan bogʻliq totol endoprotezlash amaliyotini oʻtkazadi.
Bir hisobdan o‘ylab qaralsa, bu yaxshiday tuyulishi mumkin. Ammo masofaning uzoqligi, qayta borib, amaliyot o‘tkazgan mutaxassislardan maslahat ololmagani, albatta, yomon. Chunki Hindistonga borib- kelish va mutaxassisdan qayta maslahat olish katta mablag‘ni talab etadi. Bu esa, nafaqat Feruzaga, uning yaqinlari uchun kutilmagan muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgandi.
Bugungi kunda Hindiston va boshqa rivojlangan davlatlarda o‘tkazilgan totol endoprotezlash amaliyoti avval poytaxtda, keyin Guliston tibbiyot klasterida va boshqa tibbiyot muassasalarida yo‘lga qo‘yilib, ko‘plab amaliyotlar o‘tkazildi.

Endi ushbu turdagi amaliyot Sirdaryo viloyatining eng olis va chekka hududi hisoblangan Sardoba tuman tibbiyot birlashmasining xirurgiya bo‘limida ham yo‘lga qo‘yildi. –Bemorimiz Feruza Rahmatullayeva 2020-yilda tayanch harakat tizimi bilan bog‘liq totol endoprotezlash amaliyotini Hindistonda o‘tkazgandan so‘ng, uning muammosi kamayishi o‘rniga ko‘paydi, – deydi Sardoba tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori, jarroh Bahrom Bahriyev. – Hindistonga qayta borish va qayta muolaja olish imkoniyati bo‘lmaganligi bois, o‘tgan yillar mobaynida haftada bir marotaba Samarqandga borib, bo‘g‘im ichiga inyeksiya olib yuradi. Bu ham kutilgandek o‘z samarasini bermadi. Chap oyoqning bo‘kish funksiyasi umuman buzilib, yurish bilan bog‘liq jiddiy muammo yuzaga keladi. Shundan so‘ng, u bizga, ya’ni Sardoba tuman tibbiyot muassasasiga murojaat qildi. Shundan keyin, uning muammolarini o‘rganib, uning chap chanoq bo‘g‘imi bilan bog‘liq totol endoprotezlash amaliyotini Gulistonda emas, Sardobada poytaxtdagi “Mirel” xususiy klinikasi travmatologi Eldor Hamdamov, shifokor Shodiyor Soliyev hamrohligida muvaffaqiyatli o‘tkazdik.
Shu kunlarda bemorning salomatligi yaxshi. U mahalliy shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olmoqda.
Sardobada kaminvazivli,laparoskopik jarrohlik amaliyoti ham yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yili 4 nafar fuqaroda, joriy yilda 30 dan ortiq fuqaroda shu turdagi amaliyot o‘tkazildi. Bu esa, shu turdagi amaliyotlarga muhtoj sardobalik bemorlarning poytaxt va viloyatga sarson bo‘lib yurishining oldini olibgina qolmay, ularning ham vaqti, ham mablag‘i tejalishiga yordam bermoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri