Sardobada “Clean Games – toza o‘yinlar” ekologik aksiyasi
O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, ularni atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga keng jalb etishga qaratilgan ustuvor vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlar doirasida Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan Sardoba tumanidagi Do‘stlik mahallasi hududida “Clean Games – toza o‘yinlar” ekologik aksiyasi tashkil etildi.
Ma’lumki, “Clean Games” — tabiatni chiqindilardan tozalashni o‘yin shaklida tashkil etishga asoslangan zamonaviy ekologik loyiha bo‘lib, u jamoaviy musobaqalar orqali aholini ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslikka chorlaydi. Ushbu format ishtirokchilarni faollikka undab, an’anaviy hasharlarga nisbatan samaradorligi bilan ajralib turadi.
– Tadbir davomida ishtirokchilar jamoalarga bo‘lingan holda belgilangan hududlarni chiqindilardan tozalash, ularni turlarga ajratish va qayta ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha faol ishtirok etdi, – deydi Sirdaryo viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi mas’ul xodimi Bekzod Xolboyev.
Tadbir davomida hududning sanitar holati yaxshilanishi bilan bir qatorda, yoshlarda jamoaviylik, tashabbuskorlik va faol fuqarolik pozitsiyasi mustahkamlandi.
[gallery-29017]
– Bu turdagi amaliy aksiyalar yosh avlod ongida ekologik madaniyatni shakllantirish, ularni atrof-muhit muhofazasining faol ishtirokchisiga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Sardoba tumani "Do‘stlik" mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Hasan Baxtiboyev.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA