Sara urug‘ – mo‘l hosil olish garovi
Buxoroda urug‘lik chigitni tozalash, saralash, tuksizlantirish va dorilash kabi agrotexnik tadbirlar 3 ta korxonada amalga oshiriladi.
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan press-tur tashkil etildi. Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi mas’ullari, mustaqil jurnalist va blogerlar qatnashgan tadbirda G‘ijduvon tumani Pozagari MFY hududidagi "Buxoro agroklaster" MCHJga qarashli “Buxoro paxta urug‘chiligi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida urug‘lik chigitni tozalash va saralash, tuksizlantirish va dorilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar jarayoni bilan tanishildi.
Ta’kidlanganidek, 2022 yil hosili uchun Buxoro viloyatida 102,9 ming gektar maydonga istiqbolli, rayonlashtirilgan serhosil g‘o‘za navlarini ekish belgilangan. “Buxoro-102” navi 7 ming 163 gektar, o‘rtapishar “Buxoro-6” navi 29 ming 141 gektar, “Buxoro-8” navi 30 ming 92 gektar, “Buxoro-10” navi 34 ming 4 gektar, yangi navlar 2 ming 500 gektarga ekiladi. Buning uchun 5069 tonna urug‘lik chigitni tozalash-saralash, 3342 tonnasini tuksizlantirish hamda 3702 tonnasini dorilash (paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan) talab etiladi.
2021 yilda urug‘lik paxta yetishtirish maqsadida tender tanlovidan o‘tgan 243 ta fermer xo‘jaliklaridan jami bo‘lib 19 ming 308 tonna, shundan 9 ming 495 tonna asosiy, 7 ming 613 tonna zaxira va 2 ming 200 tonna qo‘shimcha zaxira fondiga urug‘lik paxta qabul qilinib tayyorlandi. 2022 yil paxta hosili uchun davlat standarti talablariga javob beradigan sifatli urug‘lik chigit ishlab chiqarish maqsadida paxta tozalash va boshqa korxonalar tomonidan urug‘lik chigitni tayyorlash va saqlashda navlar hamda reproduksiyalar aralashmasligi, urug‘lik paxtani tozalash rejimiga rioya qilinishi, shuningdek, dorilash-tuksizlantirish sexlarini joriy ta’mirlangan holda qayta ishlanishi ahvoli inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan o‘rganiladi. Olib borilayotgan dorilash-tuksizlantirish ishlari doimiy nazorat qilinib, amaliy ko‘maklar berib kelinadi.
–Tozalashdan olinadigan urug‘lik chigitlarni saralash, dorilash va tuksizlantirish ishlari “Buxoro agroklaster” MCHJga qarashli “Buxoro paxta urug‘chiligi” MCHJ va “Buxoro urug‘chilik” MCHJ urug‘chilik sexlarida bajariladi, –deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Buxoro viloyati boshqarmasi bosh inspektori Behzod Bahronov. –Ayni paytda mazkur jarayon samarali amalga oshirilayotir.
[gallery-5589]
–Korxonamizga qarashli urug‘lik sexi bir kecha-kunduzda 40-45 tonna urug‘ni tuksizlantirish quvvatiga ega, – deydi “Buxoro paxta urug‘chiligi” MCHJ direktori Sharof Umarov. – Sexda 65 nafardan ziyod ishchi 3-smenada faoliyat yuritadi. Mazkur sexda urug‘lik chigitlar tuksizlantirish va dorilash ishlari mexanik usulda amalga oshiriladi. bugungi kunda urug‘lik chigitlarni dorilash uchun mutaxassislar takliflari asosida qishloq xo‘jalik zararkunandalariga (gommoz, ildiz chirish, fuzarioz vilt) qarshi P-4, Sporagen, Suflyor (gummat kaliy) va Skarlet preparatlaridan foydalanilmoqda. Urug‘larni belgilangan me’yoriy hujjatlar talablariga asosan tayyorlash uchun 4 nafar malakali mutaxssislardan iborat laboratoriya xodimlari tomonidan muntazam ravishda namunalar olinadi. Tahlillar amalga oshiriladi.
Dorilash jarayonida g‘o‘zaning ildiz chirish kasalligiga qarshi P-4 va Skarlet preparatlaridan 1 tonna tuksizlantirilgan urug‘lik chigit tayyorlash uchun 4 litr, vilt kasalligiga qarshi Sporagen preparatidan 2 litr va g‘o‘zaning o‘zish va rivojlanishini jadallashtirish maqsadida Suflyor (gummat kaliy, biostimulyator) preparatidan 0,6 litr miqdorida qo‘shib urug‘lik chigitlar tayyorlanmoqda.
Urug‘chilik sexida tayyorlanayotgan urug‘lik chigitdan har 2 soatda namunalar olinadi. Namligi, zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan laboratoriyada tola qoldig‘i va mexanik shikastlanishi bo‘yicha tahlillar o‘tkaziladi. Urug‘lik chigitlar tagliklar ustida, usti yopqichlar bilan yopilgan holda yon atroflari yopiq omborlarda talab darajasida saqlanadi. Omborlarda 4 ming 500 tonnadan ortiq dorilab tayyorlangan urug‘lik chigitlarni navlar bo‘yicha alohida-alohida saqlash imkoniyati yaratilgan. Urug‘lik chigit saqlanadigan omborlar havoning sovuq kunlari haroratni bir xil me’yorda saqlash maqsadida isitish moslamalari bilan ta’minlangan. Shuningdek, urug‘lik chigit tayyorlash mavsumida talab etiladigan qog‘oz qop, etiketka, kimyoviy preparatlar va yog‘och tagliklar (paddon) zaxirasi yaratilgan.
Albatta, urug‘lar belgilangan standart talablariga asosan tayyorlansa fermer xo‘jaliklari sifatli urug‘lik bilan ta’minlanib, chigitlarni bir tekis undirib olinishiga hamda paxtadan mo‘l hosil olinishiga zamin yaratiladi.
Press-tur davomida soha mutaxassislari tomonidan jurnalist va blogerlarning savollariga javob berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat, video), O‘zA