Sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspert tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi belgilandi
Sanoat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekspert tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazishda yangi davr boshlandi. Bu nimalarni anglatadi?
Hukumat qarori bilan “Sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspert tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
2026-yil 25-iyunda tasdiqlangan Reglamentga ko‘ra, talabgor davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazi, YAIDXP (my.gov.uz) yoxud “Yagona integratsiyalashgan ekotizim” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qilishi lozim bo‘ladi.
Arizaga talabgor faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan akkreditatsiya sohasi hamda akkreditatsiya sohasi bo‘yicha ishlarni bajarish uchun sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspertlar bilan ta’minlangani to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ekspert tashkiloti Nizomi, talabgorning akkreditatsiya mezonlariga muvofiqligini tavsiflovchi deklaratsiya; talabgorning sifatni boshqarish tizimining muvofiqlik sertifikati va boshqalar ilova qilinishi shart.
Vakolatli organ ariza qabul qilingan kundan boshlab 20 ish kunida taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi.
Talabgorning faoliyati vakolatli organ buyrug‘i bilan tashkil etiladigan baholash komissiyasi tomonidan joyiga borib baholanadi.
Dalolatnoma ijobiy bo‘lganda, dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab 10 ish kunida akkreditatsiya attestatini berish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Akkreditatsiya attestati 5 yil muddatga beriladi.
Sherbek Islomov, O‘zA