Sanoat markaziga aylanayotgan tuman
Jomboy – Samarqand viloyatining transport-kommunikatsiya tizimi rivojlangan hududlaridan biri. Tuman hududidan xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘li, temir yo‘l, yirik elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlari o‘tgan. Samarqand shahrigacha masofa ham juda yaqin – 13 kilometr.
Jomboy – Samarqand viloyatining transport-kommunikatsiya tizimi rivojlangan hududlaridan biri. Tuman hududidan xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘li, temir yo‘l, yirik elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlari o‘tgan. Samarqand shahrigacha masofa ham juda yaqin – 13 kilometr.Sanoatni rivojlantirish uchun mana shunday qulay imkoniyat bo‘lgani holda sobiq tuzum davrida Jomboyda ushbu sohaga yetarli e’tibor qaratilmagan. Aksincha, boshqa hududlarga nisbatan ob-havosi mo‘tadil bo‘lishiga qaramay, paxta yetishtirishga zo‘r berilgan. Meva-sabzavot maydonlari, bog‘lar qisqartirilib, hamma yerga chigit ekilgan. Oqibatda tuman dehqonlari qish ostonasigacha paxta yig‘im-terimi bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan. Tuman iqtisodiyoti rivojlanish o‘rniga orqaga ketavergan.
– Har yili bir xil holat takrorlanardi – viloyatning deyarli barcha tumanlari davlatga paxta topshirish rejasini bajarib bo‘lganda ham Jomboyda terim davom etardi, – deydi O‘zbekiston Qahramoni, tajribali dehqon Avaz Ergashev. – Ko‘p xo‘jaliklar mo‘ljaldagi hosilni yetishtira olmasdi yoki ko‘saklar ochilmay qolib ketardi. Keyin so‘rov boshlanardi: nega rejani bajarmading, nima uchun paxta ochilmay qolib ketdi? Lekin hech kim yurak yutib, Jomboyning tabiati paxta yetishtirishga qulay emas, deb aytolmagan. Bunday gapni aytganlarning boshiga qanday kulfatlar yog‘ilishini hamma yaxshi bilardi-da. Faqat mustaqillik tufayli, Prezidentimiz rahnamoligida har bir hududning tabiiy iqlim sharoiti va imkoniyatidan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan e’tibor natijasida vaziyat tubdan o‘zgardi. Tumanda paxta maydonlari yildan-yilga qisqarib bordi va bugun Jomboy meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan hududga aylandi. Endi tumanimiz dehqonlari g‘alla va poliz ekinlari, meva-sabzavot, bog‘dorchilikda yuqori hosildorlikka erishmoqda. Viloyatimiz bo‘yicha eng katta intensiv bog‘lar ham shu yerda yaratildi. “JV MAN Auto Uzbekistan”, “Amin invest interneyshnl”, “Jomboy javohiri”, “Lazzat meva”, “Jomboy tekst” kabi yirik sanoat korxonalari tashkil etildi.
Darhaqiqat, bugun Jomboy tumanida yuzdan ortiq sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yil boshidan buyon 49 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, ularning umumiy soni 470 dan oshdi. Mehnatda band aholining asosiy qismi ushbu tarmoqda faoliyat ko‘rsatmoqda. Yana o‘nlab istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
“Asliddin” ishlab chiqarish-tijorat firmasi tomonidan zamonaviy kushxona qurish va yiliga 2,5 ming tonna terini qayta ishlab, bolalar va kattalar poyabzali ishlab chiqarish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Buning uchun xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirilgan.
Ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari asosan xorijga eksport qilinayotgan “Amin invest interneyshnl” qo‘shma korxonasida joriy yilda Mahalliylashtirish dasturi asosida kanoe va baydarka bolalar sport kiyimlari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2012-yilda tumanda intensiv bog‘ yaratish bilan ish boshlagan “Galaosiyo non” mas’uliyati cheklangan jamiyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha sanoat tarmog‘ini ham rivojlantirmoqda. Korxona o‘zining besh ming tonnalik muzlatkichli omboriga ega. Ushbu omborda mahsulotni saqlash uchun zarur bo‘ladigan maxsus qutilar ham endi shu yerdagi sexda tayyorlanmoqda.
O‘tgan yili korxona qoshida mevani quritish va qadoqlash liniyalari o‘rnatilib, yurtimizning boshqa hududlaridan keltirilgan mahsulotlarni ham qayta ishlab xorijga eksport qilish yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, bodom, o‘rik, shaftoli va boshqa mevalarning danagidan ajratib olinayotgan mag‘ziga chet ellik hamkorlardan buyurtmalar ko‘p tushmoqda.
– Seximizda o‘rnatilgan zamonaviy texnologiyalar kuniga 8-10 tonna mevani quritib, qadoqlash quvvatiga ega, – deydi korxona ish yurituvchisi Erkinboy Jo‘rayev. – Mahsulot asosan xorijga eksport qilinadi. Germaniya, Turkiya, Rossiya davlatlaridan buyurtmalar ko‘p. Yil boshidan buyon 1 million dollarlik mahsulotni xorijiy hamkorlarimizga yetkazib berdik. Avgust oyida yana 500 ming dollarlik shartnomani amalga oshirmoqchimiz. Bu yil meva ham, uzum ham har qachongidan mo‘l bo‘ldi. Shu bois fermerlar bilan imzolangan shartnomalar soni, qabul qilinadigan mahsulot miqdori ancha yuqori. Bu fermer uchun ham, korxonamiz va ishchilarimiz uchun ham har tomonlama manfaatlidir. Mahsulot ko‘p bo‘lsa, ish o‘rinlari ko‘payadi, eksport hajmi ortadi. Daromad ham shunga yarasha bo‘ladi. Bularning barchasi pirovardida xodimlarimizning moddiy manfaatdorligi oshishi, tumanimiz iqtisodiyotining rivojlanishiga xizmat qiladi.
Tumandagi korxonalar ishlab chiqarish quvvatining kengayishi ularning eksport salohiyati oshishiga ham xizmat qilmoqda. Tumanni kompleks rivojlantirish bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda tuman bo‘yicha 21,9 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
“Jomboy agro eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati 3 million 500 ming, “Maroqand meva-sabzavot” fermer xo‘jaligi 3 million 100 ming, “Lazzat meva” qo‘shma korxonasi 1 million 100 ming dollarlik mahsulotni xorijiy hamkorlariga yetkazib berishga kirishgan.
Bu borada ular Gollandiyaning “Beyo-Zaden” va Ukrainaning “Gelios-1” kompaniyalari mutaxassislari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda, intensiv usulda sabzavot yetishtirish bo‘yicha tajriba almashmoqda. Jumladan, “Maroqand meva-sabzavot” fermer xo‘jaligida 350 gektar maydonda pomidorning bir qator intensiv navlari parvarishlanayotir. Italiyadan keltirilgan maxsus seyalka yordamida urug‘ tarzida ekilgan bu pomidor 90 kunda pishib yetiladi. Mutaxassislarning aytishicha, undan gektariga 100 tonnadan ortiq hosil olish mumkin.
– Jomboyning bog‘dorchilik va sabzavot ekinlari yetishtirishga ixtisoslashtirilishi tumanimiz iqtisodiyotini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi Jomboy tumani hokimi Husan Bo‘riyev. – G‘alla maydonlarining kengaytirilishi natijasida mazkur tarmoqda o‘ziga xos tajriba maktabi yaratildi. Uzumchilik, bog‘dorchilik va hatto sabzavot mahsulotlari yetishtirishda intensiv texnologiyalarning qo‘llanilayotgani tufayli mahsulot yetishtirish hajmi bir necha barobar oshdi. Ayni paytda mazkur tarmoqlar bo‘yicha tumanning eksport salohiyati viloyatning boshqa hududlariga nisbatan yuqori bo‘lmoqda. Zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari tashkil etish, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik, chorvachilik borasida ham katta tajriba to‘plandi. Albatta, qishloq xo‘jaligidagi rivojlanish, yetishtirilayotgan mahsulot turi va miqdorining oshishi ularni sanoat asosida qayta ishlash ehtiyojini keltirib chiqardi. Natijada keyingi yillarda tumanda amalga oshirilgan aksariyat sanoat loyihalari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash texnologiyalarini joriy etishdan iborat bo‘ldi. Jomboyni 2017-2020-yillarda kompleks rivojlantirish dasturida belgilangan 218 loyihada ham ushbu yo‘nalish yetakchi o‘rin tutmoqda. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi bilan 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu ish o‘rinlarining 1300 dan ortig‘i sanoat yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi. Bu ham tuman aholisining bir paytlar bo‘lganidek faqat qishloq xo‘jaligida emas, balki zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarida mehnat qilib, farovon turmush kechirishidan dalolat beradi. Binobarin, bugun sanoat markaziga aylanayotgan Jomboyda buning uchun imkoniyat ham, salohiyat ham yetarli.