Sanoat mahsulotining oshishi kuzatilmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida respublika korxonalari tomonidan 488 ming 532,3 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi va sanoat ishlab chiqarish indeksi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 106,6 foizni tashkil etdi.
Qayd etilganidek, sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmida ishlab chiqaradigan sanoatning ulushi 85,1 foizni, tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash sanoati 7,5 foizni, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash 6,9 foizni, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish 0,5 foizni tashkil etdi.
Sanoat korxonalarida ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,1 foizga, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish sanoatida fizik hajm indeksi 9,7 foizga, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalashda 3,1 foizga hamda tog‘-kon sanoati va ochiq konlarning ishlash sanoatida 5,1 foizga oshgani kuzatildi.
Shu bilan birga, rezina va plastmassa buyumlar ishlab chiqarish (2024 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan fizik hajm indeksi 129,7 foizga, boshqa nometall mineral mahsulotlari ham o‘tgan yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 123,7 foizga) hajmi oshdi.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan xom neft va tabiiy gaz ishlab chiqarish, mashina va uskunalarni ta’mirlash, o‘rnatish hajmi pasayishi kuzatildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA