Sankt-Peterburgda MDH davlat axborot agentliklari vakillari yig‘ilishi o‘tkazildi
Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi shimoliy poytaxtida davom etayotgan “Peterburg xalqaro iqtisodiyot forumi-2026” doirasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat axborot agentliklari rahbarlari Kengashining XXXIV yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuzilmaga a’zo mamlakatlar yetakchi axborot agentliklari vakillari MDH Ijroiya qo‘mitasi mas’ullari ishtirokida zamonaviy media maydoni va hamkasblarimiz oldida turgan qator dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
[gallery-29793]
Xususan, “Sun’iy intellekt va jurnalist etikasi: davlat axborot agentliklari faoliyatida SI tizimidan foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajriba va istiqbol” mavzusi tahlili, shuningdek “Faktcheking xalqaro uyushmasi” (Global Fact-Checking Network, GFCN) faoliyati misolida ayni yo‘nalishda kasbiy jurnalistika tamoyiliga rioya etish bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risidagi munozara ishtirokchilar diqqatini tortdi.
MDH Ijroiya qo‘mitasi Axborot va axborotlashtirish bo‘limi boshlig‘i Igor Grigorev Tashkilotning 35 yilligiga bag‘ishlab rejalashtirilgan maxsus tadbirlar va tashkilot doirasidagi boshqa anjumanlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, majlis kun tartibidan o‘rin olgan, MDH davlat axborot agentliklari rahbarlari Kengashi raisi, TASS Bosh direktori Andrey Kondrashov va MDH mamlakatlari sektori rahbari Boris Grushin tomonidan taqdim etilgan Kengash loyihalarining amalga oshirilishi holati to‘g‘risidagi axborot ham yig‘ilganlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Shu jarayonda MDH 35 yilligi munosabati bilan tayyorlangan maxsus foto ko‘rgazma va yangi shakl-shamoyil kasb etgan ANIA veb-sayti tantanali taqdimoti ham namoyish etildi.
Yig‘ilish so‘ngida Kengashning navbatdagi majlisiga Qirg‘iziston mezbonlik qilishi e’lon qilindi.
G‘ayrat Xonnazarov, O‘zA
Sankt-Peterburg, Rossiya