Sanksiyaga oid yangi ro‘yxatda telekanallar bor...
Amerika va Yevropa qurol-yarog‘i cheklanmagan miqdorda Ukrainaga yetkazib berilishi mavjud vaziyatni og‘irlashtirdi, deb bayonot berdi Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon.
«Tehron urushlar, xususan, Ukrainadagi ziddiyat davom etishiga qarshi. Biz G‘arb mamlakatlari Kiyevni qurol-yaroq bilan emin-erkin ta’minlashi vaziyatni yanada murakkablashtirgan, deb hisoblaymiz», dedi vazir.
“Bloomberg” xabariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi keyingi hafta Ukrainaga qurol yetkazib berishni moliyalashtiradigan jamg‘arma mablag‘ini 2 milliard yevroga ko‘paytiradi.
Jamg‘armasi bugungi kunda 6 milliard yevroni tashkil etgan mazkur fond aslida faqat Ukrainaga qurol yetkazib berishni ko‘zda tutmaydi, balki boshqa mamlakatlarga ham mablag‘ ajratadi. Binobarin, ayni payt mavjud mablag‘ning yarmi Kiyev uchun zaxiraga olib qo‘yilgan.
YeI Kengashi Rossiya tomonidan egallab olingan Ukraina hududlari, shuningdek, Abxaziya va Janubiy Osetiya fuqarolariga berilgan rus pasportlarini tan olmaydi. Kengash matbuot xizmati tarqatgan xabarda, jumladan, shunday deyilgan:
- Rossiyaning mazkur xorijiy pasportlari noqonuniy, shuning uchun bu hujjatlar bilan shengen hududiga kirish-chiqish vizasi berilmaydi.
YeI Rossiya uchun tayyorlayotgan navbatdagi sanksiyada to‘rt telekanal: NTV/NTV "Mir", "Rossiya-1", "REN TV" va "Birinchi kanal" kiritilishi rejalanmoqda.
YeI matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur telekanallarning lizensiyasi to‘xtatiladi.
AQSHda hukm qilingan rossiyalik Viktor But va Rossiyada jazo o‘tayotgan amerikalik Brittni Grayner almashinuvi Vashingtonning Ukraina masalasidagi munosabatini o‘zgartirmaydi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per ma’lum qildi.
«Bu Qo‘shma Shtatlarning ukrainaliklarga ko‘rsatayotgan ko‘magi va Rossiyaga qarshi turishdagi harakatiga zarracha daxl qilmaydi. Ayni holat
faqat jinoiy javobgarligi uchun hukmni o‘tayotgan AQSH va Rossiya fuqarolari almashtirilishiga tegishli», deb qo‘shimcha qildi Jan-Per.
Boliviya tashqi ishlar vaziri Roxelio Mayta aytishicha, Ukraina atrofidagi ziddiyat Birlashgan Millatlar Tashkiloti muloqot va muzokara uchun maydon bo‘lib xizmat qilishga noloyiq ekanini ko‘rsatdi.
Boliviya hukumati oktyabr oyida BMTdagi chiqishida Ukraina mojarosini hal etishda vositachi bo‘lish taklifini kiritgan edi.
“Juda katta afsus bilan BMTning byurokratlashib, samarasiz tashkilotga aylanib qolganini ta’kidlayman”, deya qo‘shimcha qilgan vazir.
Abror XON,
O‘zA