San’atshunoslik: izlanishlar davom etmoqda
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida «O‘zbekiston san’atshunosligidagi ilmiy izlanishlar va zamonaviy qarashlar» nomli ilmiy konferensiya tashkil etildi.
Anjumanda O‘zbekiston tasviriy san’atining taniqli rassomlari, shuningdek, endi-endi tanilayotgan, hali o‘rganilmagan ko‘plab ijodkorlarning faoliyatini keng ommaga, mutaxassislarga targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimovning «Chingiz Ahmarov: parvozdagi farishtalar doim barhayot", O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori Nigora Rahimovaning “O‘zbekiston san’atshunoslik fanining nazariy jihatlari", san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Dilzoda Alimqulovaning “Sodiqjon Rahmonov – ustoziga munosib voris”, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor Ravshan Fathullayevning “Tamaraxonim – xalqlar do‘stligi kuychisi. Tamaraxonim uy-muzeyi zali asosida” kabi hamda mavzuga oid boshqa ma’ruzalar tinglanib, atroflicha muhokama qilindi.

Anjumanda qatnashchilar yangilangan ilmiy ma’lumotlar va metodologiya yordamida kam o‘rganilgan rassomlar ijodi, ularni milliy rangtasvir rivojiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Konferensiya so‘ngida barcha ma’ruzachilar tashkilotchilar tomonidan sertifikat bilan taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA