“San’atimiz mangu, do‘stligimiz abadiy”
Buxoro viloyati mazkur shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat kunlari o‘tkazilmoqda.
Musiqa va san’at sohasi vakillari, shoir va yozuvchilardan iborat madaniyat xodimlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘ziga xos urf-odatlari, baxshi, jirov, dostonchilik, raqslarni o‘zida jamlagan, milliy qadriyat va an’analarni keng targ‘ib etishga qaratilgan konsert dasturini namoyish etmoqda.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Gulxatisha Ayыmbetova ijrosidagi “Buyuk Vatan O‘zbekiston”, “Bile kel”, Qoraqalpog‘iston xalq baxshisi Gulnora Allambergenova ijrosidagi “Orol mungi”, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Sadaddin Sapayevning “Esar Jayxun shamollari”, Muhabbat Nurjonovaning “Tanovar”, Sabrinaz Annaыulovaning “Muhabbat baxti xandoni”, Baxadыr Razыmbetovning “Oq qush”, Nihol davlat mukofoti sohibi Naurыz Muxammadiyarovning “Ajiniyoz” operasidan ariyasi hamda “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli jamoasi ijrosidagi raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
[gallery-6867]
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi Dao‘itbay Kurbaniyazov, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Botirjon Shaxriyorov va boshqalar so‘zga chiqib, tashkil etilayotgan madaniyat kunlarining ahamiyati xususida to‘xtaldi. Bu tadbirlar ikki qon-qardosh xalqlarning yanada yaqinlashishida, aholining maroqli va mazmunli dam olishini tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Ona Vatanni, muhabbat va do‘stlikni tarannum etayotgan ajoyib dastur bilan mehmon bo‘lib turgan qoraqalpoq ijodkorlari, xususan, tashkilotchi mutasaddilarga viloyat va shahar aholisi nomidan minnatdorlik bildirildi. Qoraqalpoq madaniyatining o‘ziga xos jihatlari, takrorlanmas san’ati borligi alohida e’tirof etildi. Mazkur an’anani davom ettirgan holda Orolbo‘yi hududlaridagi chekka-chekka ovullarda ham Buxoro madaniyat kunlari tadbirlarini tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Qoraqalpoq Respublikasi madaniyat kunlari tadbirlari viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA