San’at xazinabonining eskirmas kundaliklari
“O‘zekspomarkaz”ning 5-pavilonida “Savitskiy kundaliklari. "Qadimiy va navqiron” nomli yangi multimedia ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Bu yerga tashrif buyuruvchilar tarix va madaniyat multimedia ekranlarida musavvirlar tomonidan yaratilgan asarlar orqali XX asr Markaziy Osiyo tasviriy san’ati olamiga sho‘ng‘iydilar.

Tomoshabinlar e’tiboriga Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyi sara to‘plamlariga mansub asarlar taqdim etilgan. Bu muzey kolleksiyasidagi durdona asalardan Toshkent shahridan chiqmasdan turib bahramand bo‘lishdek noyob imkoniyatdir.
Aytish kerakki, Nukus shahridagi ushbu afsonaviy muzey bugungi kunda butun jahondagi san’at ixlosmandlarining e’tibori va qiziqishiga, yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lgan maskan sanaladi. Uning tashkil etilishi, zaxira fondining shakllanishi bir paytlar diyorimizga kelib qolgan va unga umrbod maftun bo‘lgan san’atshunos, folklorshunos, rassom, restavrator, Nukusdagi ushbu muzeyning ilk direktori Igor Savitskiy nomi bilan uzviy bog‘liqdir.

Muzey zaxirasining shakllanishi va kengayishida uning beminnat xizmatlari beqiyosdir. Mazkur fond ko‘plab ekspeditsiyalar, mashaqqatli tadqiqotlar, izlanishlar natijasida yuzaga kelgani, o‘zida XX asr avvalidagi diyorimiz hamda rossiyalik musavvirlarning ijod namunalarini jamlagani bilan ahamiyatlidir. Ayni paytda ushbu kartinalarni Rossiyaning o‘zidagi kolleksiyalar va muzeylarda ham uchratish mumkin emas.

Ushbu muzeyga bugun butun dunyodan san’at ixlosmandlari tashrif buyurmoqda.
Igor Savitskiyning san’atimiz rivojiga qo‘shgan ulkan zahmatli mehnatlari istiqlol yillarida yuksak qadrlanib, u vafotidan ko‘p yillar o‘tgach, 2002-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Tasviriy san’at va folklorning ashaddiy muxlisi, ham xazinaboniga aylangan, unga bor umrini bag‘ishlagan Igor Savitskiy haqida yuzlab maqolalar, reportajlar, filmlar yaratilgan, kitoblar yozilgan. “Savitskiy kundaliklari. Qadimiy va navqiron” nomli yangi multimedia ko‘rgazmasi uning zahmatli mehnatlari, faoliyati haqida hikoya qilishi bilan ahamiyatli.
Ko‘rgazma joriy yilning 7-iyuniga qadar davom etadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri