San’at va kitob uyg‘unligi
“Kitobxonlik haftaligi” doirasida Sirdaryo viloyatida yana bir ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Guliston shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markazining ko‘rgazmalar zalida “San’at va kitob uyg‘unligi” mavzusida rassomchilik bo‘yicha amaliy master-klass o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari, tajribali rassom Anorqul Boybekov tomonidan olib borildi. U o‘zining ko‘p yillik ijodiy tajribasi orqali yoshlarga tasviriy san’atning nazariy va amaliy asoslarini yaqindan namoyon etdi.

Master-klassda Guliston shahar “Sg and bk special group” xususiy maktabi o‘quvchilari ishtirok etdi. Mashg‘ulot davomida ularga qalam bilan chizish, ranglar bilan ishlash, yorug‘lik va soya berish, kompozitsiya tuzish kabi tasviriy san’atning asosiy ko‘nikmalari amaliy tarzda o‘rgatildi.
– Kitob o‘qish nafaqat rassomning, barchaning tasavvurini kengaytiradi, fikrlash doirasini boyitadi va yangi g‘oyalar paydo bo‘lishiga turtki beradi. San’at esa o‘qilgan bilimlarni amaliyotda namoyon etish imkonini yaratadi. Shu jihatdan kitob va san’at bir-birini to‘ldiradi va insonning ijodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi, – deydi Anorqul Boybekov.

Musavvir ijodida akvarel (suvbo‘yoq), akril va moybo‘yoq texnikasida yaratilgan asarlar alohida o‘rin egallaydi. Uning “Sehrli Sirdaryo” va “Sir bilan so‘zlashgan bo‘yoq” kabi turkum asarlarida Sirdaryo tabiati, daryo bo‘ylari, keng manzaralar hamda sirdaryolik insonlarning hayot tarzi yorqin aks ettirilgan. Shu bilan birga, “Zomin manzaralari” turkumida Zomin tabiati, tog‘ manzaralari, fasllar almashinuvi va tabiat go‘zalligi tomoshabinni hayratlantiradigan darajada yorqin ranglarda tasvirlangan.
Eng asosiysi, rassom ushbu asarlari orqali nafaqat tabiat go‘zalligini, balki inson va muhit o‘rtasidagi uyg‘unlikni ham mahorat bilan ochib beradi. Shu bilan birga, uning peyzaj asarlarida ona tabiatga bo‘lgan muhabbat va inson ruhiyati bilan uyg‘unlik yaqqol namoyon bo‘ladi.

Quvonarlisi, musavvir asarlari nafaqat yurtimizdagi ko‘rgazma zallari va san’at galereyalarida munosib o‘rin egallagan, balki xorijiy davlatlarda ham namoyish etilib, san’at ixlosmandlari tomonidan yuqori baholangan. Bu esa uning ijodi xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.
“Kitobxonlik haftaligi” doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbir yoshlarni kitob o‘qishga, tasviriy san’atga qiziqtirish, ularning ijodiy dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilgan muhim ma’rifiy loyiha bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri