SamDUning 15 nafar talabasi ilm yo‘lida munosib rag‘batga erishdi
Samarqand davlat universitetining 15 nafar talabasi 2022-2023 o‘quv yili uchun Davlat va Prezident stipendiyalari sovrindori bo‘ldi, deya xabar qiladi Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati.
"bugungi kunda "Jabrlanuvchi psixologiyasi" mavzusida psixologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi Voris Ahrorov ilmiy rahbarligida tadqiqot olib bormoqdaman. Ayni paytgacha ilmiy tadqiqot natijasida 17 ta maqolam xalqaro jurnal va konferensiya to‘plamlarida nashr etilgan. Bunda domlalarim ko‘rsatgan yo‘l va bergan maslahatlarining o‘rni beqiyos. Shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumanida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining insonparvarlik va psixologik mohiyati» nomli maqolam bilan ishtirok etib, Konstitutsiyani o‘qitishning pedagogik va psixologik xususiyatlari sho‘basida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Ayni paytda yuridik psixologiyaga oid qo‘llanmam nashr etishga tayyor. Qo‘lga kiritgan natijalarim sabab, Prezident stipendiyasi sohibi bo‘ldim. Bu men uchun unutilmas kunga aylandi", deydi SamDU Psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti talabasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendianti Aziza Qurbonova.
"Men uchun oltin davrimning oltin kunlarini o‘tkazmoqdaman. Shu kunga qadar 10 dan ortiq maqolalarim respublika va xalqaro nashrlarda e’lon qilingan. «Yoshlik satrlari», «Rangin tuyg‘ular» kabi she’riy to‘plamlarim chop etilgan. Qolaversa, Belgiya, Rossiya, Turkiya, Indoneziya kabi davlatlarda ilmiy konferensiyalarda ishtirok etganman. Albatta, bularning zamirida ilmiy rahbarim SamDU Istiqlol davri adabiyoti va adabiyotshunoslik nazariyasi kafedrasi dotsenti Dilafro‘z Jabborovaning xizmatlari beqiyos. Ayni vaqtda ustozim bilan birgalikda «Eshqobil Shukur va Vafo Fayzulloh ijodida 80-90 yil qarashlari» mavzusida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdaman. Stipendiya sohibi bo‘lganligim sabab magistraturaga yo‘l ochildi. Kelajakda magistratura bosqichini ham Samarqand davlat universitetida davom ettirmoqchiman", deydi SamDU Filologiya fakulteti talabasi, Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi Muyassar Mustafoyeva.
"Ikki farzandning onasiman. O‘g‘lim harbiy sohada faoliyat yuritadi. Qizim esa, ilm-fanga qiziqadi. Shu sabab, Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirdi. Ikki yil stipendiant bo‘lish uchun harakat qildi. Bugun orzu-havaslari haqiqatga aylandi. Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi. Kecha Prezident Murojaatnomasida eng asosiy urg‘u ta’limga va uning sifatiga qaratildi. Samarqand davlat universiteti men uchun eng yuqori sifatli ta’lim beradigan dargoh. Qizimning bu yerda o‘qiyotganligidan faxrlanaman", SamDU Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi, Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi Sevilya Badalovaning onasi Rohila Ibragimova.
Darhaqiqat, ilm yo‘lida munosib rag‘bat topayotgan talabalarga bu e’tibor yanada shijoat bag‘ishlashi shubhasiz.
OʻzA