SamDUda Rossiya ta’lim markazi ochildi
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Rossiya ta’lim markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida SamDU rahbariyati, xalqaro hamkorlik bo‘limi xodimlari RF ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali sheriklik natijalari haqida so‘z yuritdi. Birgalikdagi sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida ishga tushirilgan ushbu markaz talabalar uchun Rossiyaning rivojlangan oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish imkoniyatini yanada kengaytirishiga ishonch bildirildi.
Rossiyaning yetakchi universitetlari mutasaddilari, o‘z navbatida, ikki tomonlama munosabat rivojidan manfaatdor ekanliklarini e’tirof etishdi.
- Samarqand dorilfununi Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan oliy ta’lim muassasalaridan biri, - dedi, jumladan, Shimoliy Kavkaz federal universiteti rektori Dmitriy Bespalov. – Men bunga o‘tgan yili rektor bilan uchrashganimda guvoh bo‘lganman. SamDU bilan hamkorlik biz uchun juda foydali. Talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha ish boshladik. Markaz o‘zaro aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirishi tayin.
Universitet axborot xizmati