SamDU Qo‘shrabot tumanida bog‘ yaratdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Samarqand davlat universiteti mutasaddilari Qo‘shrabot tumanida bog‘ barpo etishdi.
Mazkur bog‘ Qo‘shrabot tumani O‘rozmat va Qoratosh qishloqlari yo‘lining ikki tarafida yaratildi. Umumiy maydoni 4 gektarni tashkil etuvchi bog‘ga 1500 tupga yaqin ko‘chat o‘tqazildi.

– Inson sog‘lom bo‘lishi uchun avvalo, tabiat sog‘lom, havo musaffo bo‘lishi kerak. Buning uchun yetti yoshdan yetmish yoshgacha hammada ekologik madaniyat shakllanishi, farzandlarimizga oila va ta’lim dargohlarida ekologik tarbiya berilishi shart va zarur, – deydi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov.

– Qo‘shrabot tumanida bog‘ yaratish loyihasini izchil davom ettiramiz. Nafaqat Qo‘shrabot, balki Nurobod, Kattaqo‘rg‘on va boshqa tumanlarda ham Samarqand davlat universiteti bog‘lari paydo bo‘ladi.
O‘z navbatida, Samarqand viloyatining tabiiy-jug‘rofiy sharoitidan kelib chiqib, qayerda qanday ko‘chatlar o‘tqazish, ularning parvarishi bo‘yicha ham amaliy targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

SamDU agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti dekani Toshpo‘lat Rajabovning ta’kidlashicha, mazkur bog‘ning yaratilishi nafaqat ekologik muammolarni, balki mazkur hududda oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini ham hal qilishga yordam beradi. Bir kilometr masofaga ekilayotgan mevali bog‘da sinovdan o‘tgan, «Yubiley Navoiy» o‘rik navi ekilmoqda.

– Universitet jamoasi Qo‘shrabotda bog‘ barpo etishi haqida eshitganimda, boshida ishonmadim. Bu yerning sharoitiga chidashni o‘zi bo‘lmaydi. Bog‘ ekilayotgan hudud Samarqand shahridan deyarli 150 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qolaversa, suv va sug‘orish juda qiyin muammo. Shunga qaramasdan Samarqand davlat universiteti olimlari juda katta savobli ishga qo‘l urishdi. Biz bundan juda xursandmiz. Domlalarimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Butun qo‘shrabotliklar nomidan minnatdorlik bildirmoqchiman, – deydi Qo‘shrabot tumani hokimi Himmat Oqbo‘tayev.

Ta’kidlash kerakki, Samarqand davlat universiteti olimlari o‘zlari yetishtirib ekayotgan ko‘chat sirlarini mahalliy aholi bilan baham ko‘rayotgani alohida e’tirofga loyiq. Bu kelgusidagi dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Barchinoy HAMIDULLAEVA, Shavkat AKRAMOV (surat).