SamDU izlanuvchilari ikki davlat diplomiga ega bo‘ldi
Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari markazida psixologiya, mexatronika va robototexnika, geografiya, inson resurslarini boshqarish, dori sanoati texnologiyasi, tarix yo‘nalishlari bo‘yicha 1+1 qo‘shma ta’lim dasturi asosida magistrlar tahsil olmoqda. Ya’ni, izlanuvchilar bir yil SamDUda ta’lim olsa, ikkinchi yili Rossiyaning nufuzli oliygohida o‘qishni davom ettirmoqda. Ayni tizim bitiruvchilari ikki universitet diplomiga ega bo‘ladi.
Olti nafar magistr Moskva psixonaliz institutida psixologiya va faoliyat turi yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni yakunlab, 2 ta magistrlik diplomini qo‘lga kiritdi.
— Bolaliudan qiziqishim sabab SamDUga psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirdim, - deydi magistr Farida Mamarasulova. - 2015 yil bakalavr bosqichini tamomlaganman. Magistraturada o‘qish niyatida edim, 2020 yil orzuim amalga oshdi. Bir paytlar magistraturada o‘qish nasib qilarmikan, degan o‘y bilan yurardik. Mana, bugun magistr darajasiga erishib, ikki diplomga ega bo‘ldim. Kelajakda ilmiy ishni davom ettirish rejam bor.
Behruz Shamsiddinov,
SamDU axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov (surat)