SamDAQI talabalari turar joyga onlayn ariza bermoqda
Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlarida 2022/2023 o‘quv yili dars mashg‘ulotlari 26 sentyabrdan boshlanadi. Ayni paytda ta’lim muassasalarida ushbu jarayonga hozirlik ko‘rilmoqda. Tabiiyki, bu paytda aksariyat talabalar va ularning ota-onalarini turar joy masalasi qiziqtiradi. Bu borada har bir oliy o‘quv yurti rahbariyati tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida talabalar turar joylariga joylashish uchun 12-18 sentyabr kunlari onlayn ariza berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Institut axborot xizmatining ma’lum qilishicha, birinchi bosqich talabalari 26 sentyabrdan keyin ham ushbu masala yuzasidan murojaat qilishlari mumkin. Talabalar turar joylaridagi o‘rinlar soni cheklanganligi sababli birinchi navbatda xorijiy davlatlar fuqarolari, nogironligi bo‘lgan va chin yetimlar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi oila farzandlari, “Yoshlar daftari”da turuvchi yigit-qizlar hamda uzoq tuman va viloyatlardan kelgan talabalarni turar joy bilan ta’minlashga ustunlik beriladi.
Arizalar fakultet ishchi guruhlari tavsiyasini inobatga olgan holda institut komissiyasi tomonidan 23 sentyabrga qadar ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, talabalarga Samarqand shahridagi ijara xonadonlarda joylashish tavsiya etiladi. Buning uchun “Talabalar uchun ijaraga turar joy izlash portali” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, talabalar ijara.edu.uz platformasi orqali turarjoy topishlari mumkin. Bu borada ularga guruh tyutorlari yordam beradi. Ayni paytda SamDAQIning 3 binodan iborat talabalar turar joyi 1150 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu turar joylarda istiqomat qilayotgan talabalar bir oyga 145 ming so‘m to‘lovni amalga oshirishi lozim.
G‘.Hasanov,
O‘zA