Sambochilarimiz jahon kubogida ishtirok etadi
Yurtimizda Navro‘z bayrami shukuhi kezib yurgan bir pallada joriy yil 22-23 mart kunlari Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida sambo bo‘yicha jahon kubogi uchun bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Yurtimizda Navro‘z bayrami shukuhi kezib yurgan bir pallada joriy yil 22-23 mart kunlari Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida sambo bo‘yicha jahon kubogi uchun bellashuvlar bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etadi.
Sambo sporti asoschilaridan biri A.Xarlampiev xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan musobaqada mezbonlardan tashqari Armaniston, Belorus, Vengriya, Venesuela, Germaniya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Kipr, Kuba, Kamerun, Qozog‘iston, KXDR, Moldova, Marokash, Gollandiya, Ukraina, Filippin, Yaponiya kabi davlatlardan qariyb 250 nafar sportchi g‘oliblik uchun bahs olib borishi kutilmoqda.
Jahon kubogida erkaklar 9ta vazn (-52, -57, -62, -68, -74, -84, -90, -100 va +100 kg.) toifasida, ayollar esa 10ta vazn toifasida (-48, -52, -56, -56, -60, -64, -68, -72, -80 va +80 kg.), shuningdek jangovar sambo bo‘yicha ham 9ta (-52, -57, -62, -68, -74, -84, -90, -100 va +100 kg.) vazn toifalarida o‘z omadini sinab ko‘radi. Bellashuvlarda bir necha bor jahon va Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan sport ustalari ham ishtirok etadi.

Nufuzli musobaqada Roman Shakirov murabbiyligida 9 nafar sportchimiz yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Erkaklar:
- 62 kg: Davlatjon Hamroev
- 68 kg: Timur Xudoyqulov
- 74 kg: Abbos Jalolov
- 90 kg: Ne’mat Yoqubov
Ayollar:
- 52 kg: Zuhraxon Ma’murjonova
- 60 kg: Zarnigor O‘rmonova
Jangovar sambo:
- 74 kg: Istam Qudratov
- 82 kg: Bekzod Nurmatov
+ 100 kg: Hakimjon Ismoilov

Ma’lumot uchun, 1983 yilda “A” toifa darajasi berilgan mazkur musobaqa g‘oliblari xalqaro toifadagi sport ustasi unvoniga sazovor bo‘ladi. 2009 yildan boshlab “Xarlampiev memoriali” sambo bo‘yicha jahon kubogi va superkubogi bosqichlari orasida eng nufuzlisi, deya tan olingan. 2015 yildan esa mazkur turnir sambo bo‘yicha rasmiy va yagona jahon kubogi hisoblanadi.