Sambochilarimiz jahon chempionatida O‘zbekiston nomini ulug‘lashdi
Jahon chempionatida 11 marta O‘zbekiston madhiyasi yangradi, 3 bora madhiyamiz jarangladi.
Joriy yil 12 noyabrda boshlagan jahon chempionatida o‘zbek sambochilari 11 medal bilan dunyoning 50 ga yaqin davlatlari orasida umumjamoa hisobida 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Uch kun davomida sambo muxlislari keskin va shiddatli bellashuvlar guvohi bo‘ldi. Terma jamoamiz a’zolari 3 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medaliga ega chiqdi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Bahodir Bakiyev (jangovar sambo), Ixtiyor Eshmurodov va Nodirjon Mirxalikov oltin medalga musharraf bo‘lgan bo‘lsa, Ulug‘bek Rahmonov, Oybek Soliyev (jangovar sambo), Sabina Davlatova, Furqat Ro‘ziyev (jangovar sambo) va Sohibjon Hasanboyev (jangovar sambo) kumush, Ibodatxon Agojonova, Hakimjon Ismoilov (jangovar sambo), Istam Qudratov bronza medalini qo‘lga kiritdi. Boshqacha aytganda, sambo bo‘yicha Toshkentda tashkil etilgan 46-jahon chempionatida 11 marta O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilib, uch bor Vatanimiz madhiyasi yangradi.
Ushbu natija orqali sambochilarimiz jahon chempionatini umumjamoa hisobida 2-o‘rinda yakunladi. 1-o‘rinni Rossiya vakillari egallashgan bo‘lsa (8 ta oltin, 6 ta kumush, 4 ta bronza), uchinchi o‘ringa Belarus vakillari (3 ta oltin, 5 ta kumush) sazovor bo‘ldi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA