“Sambhram” universitetiga press-tur tashkil etildi
Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari, blogerlar uchun Jizzax shahridagi “Sambhram” universitetiga press-tur tashkil etildi.
Tadbir avvalida universitetining O‘zbekiston tomonidan rektori Siroj Tavbayev va oliygohning Hindiston davlati tomonidan rektori Chadrakanth Govda (Chadrakanth Gowda) tadbir ishtirokchilariga yoshlarga yaratilgan sharoitlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 iyundagi “Jizzax shahrida “Sambhram” universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, ushbu oliygoh Jizzax shahrida faoliyatini boshladi. Universitet nodavlat xorijiy oliy ta’lim tashkiloti hisoblanib, unda o‘qitish kunduzgi ta’lim shaklida, to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi va bitiruvchilarga O‘zbekiston hamda Hindistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.
Ayni paytda, oliygohda 2021-2022 o‘quv yili uchun 1 ming 501 nafar talaba qabul qilinib, ta’lim muddati 4 yil bo‘lgan (kunduzgi) 3 ta: axborot texnologiyalari muhandis-dasturchisi (B.Tech.IT), axborot texnologiyalari fanlari (B.Sci.IT), biznes boshqaruvi (VVA.IT) bakalavriat yo‘nalishlarida hamda ta’lim muddati 2 yil bo‘lgan 2 ta: axborot texnologiyalari fanlari (M.Sc.IT), biznes boshqaruvi (MVA.IT)magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olmoqda.
[gallery-5710]
Universitetda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, axborot tizimi va kompyuter tarmoqlarini boshqarish kabi yo‘nalishlarda ta’lim dasturlari amalga oshiriladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, kelajak avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, talabalar bilan amaliy faoliyat olib borish, yetuk professional kadrlarni tayyorlash, talabalar va ish beruvchilarni, jamiyat talablariga mos keladigan sifatli ta’lim tizimini yaratishdan iborat. Bundan tashqari, talabalarning maqsadiga muvofiq ko‘nikma, qadriyat va fazilatlarga ega bo‘lgan yetuk kadrlar sifatida shakllantirish, texnologik taraqqiyot bilan hamnafaslik hissini doimo oshirib borish, insoniyat farovonligi uchun daxldorlik darajasini shakllantirish hamdir.
Tadbir ishtirokchilari ushbu press-tur davomida unversitet hududida amalga oshirilgan rekonstruksiya, ta’mirlash, qurilish va jihozlar ishlari hamda talabalarga tahsil berish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirildi.
“Sambhram” universiteti uchun Jizzax shahridagi, hozirda Qarshi shahriga ko‘chirilgan Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining ob’ekti ajratilib, u yerdagi bino va inshootlarda to‘liq rekonstruksiya, ta’mirlash va qurilish ishlari amalga oshirildi.
Asosiy o‘quv binosining 1-, 2- va 3-qavatlarida to‘liq ta’mirlash ishlari yakunlanib, qattiq va yumshoq mebellar hamda boshqa zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi.
Bundan tashqari, oliygoh hududida 180 o‘rinli konferensiyalar zali, 200 o‘rinli oshxona hamda 260 o‘rinli yotoqxona binolari qayta ta’mirdan chiqarildi.
Universitetning rasman to‘liq faoliyat yuritishi uchun o‘tgan 2021 yilning 16 noyabrida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan nodavlat ta’lim xizmatlari sohasida faoliyatini amalga oshiririshi uchun №0039-sonli litsenziya olindi.
Hozirgi kunda, oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan talabalar uchun dars jarayonlari 2 smenada ingliz va o‘zbek tillarida olib borilmoqda.
Universitet faoliyatiga Hindistondan 16 nafar, O‘zbekistondan 30 nafar professor-o‘qituvchi jalb etilgan va yana 30 nafar professor-o‘qituvchi onlayn tarzda talabalarga saboq berayotir. Oliygohning umumiy ilmiy salohiyati 35 foizni tashkil etmoqda.
Press-tur davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA