Samarqandlik stipendiatlar siri nimada?
Yaqinda 2021/2022 o‘quv yili uchun 383 nafar talaba Prezident hamda nomli davlat stipendiyalari sohibi bo‘lgani haqida xabar berildi.
Ular orasida Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlarining o‘ttiz nafardan ortiq talabalari ham bor.
Jumladan, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining 10 nafar talabasiga ana shunday sharaf nasib etdi.
– Universitetimizning dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi fakulteti 4-bosqich talabasi Vohid Lapasov har bir yigit-qiz orzu qiladigan – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibiga aylandi, – deydi Samarqand davlat universiteti iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Sherzod Xoliqulov.
– Sport faoliyati va san’at fakulteti 3-bosqich talabasi Valentina Shank Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi. Ulug‘bek nomli davlat stipendiyasi esa universitetning ikki talabasiga – matematika fakultetidan Davlatjon Kamoliddinov va raqamli texnologiyalar fakultetidan Otabek Esanovga nasib etdi. E’tiborli tomoni, turli fakultetlarda tahsil olayotgan 6 nafar talabamiz Navoiy nomli davlat stipendiyasi sovrindorlari qatorida e’tirof etildi.

Albatta, bu yutuqlar avvalo, talabalarimiz hayotida muhim o‘rin tutadi. Ularning ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun yoki davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida mehnat qilishlarida katta yordam beradi. Birinchi imtiyoz – endi magistratura bosqichiga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi. Yurtimizda ilm qadrlanayotgan, o‘z sohasining bilimli, yetuk mutaxassislariga talab oshib borayotgan paytda yosh yigit-qizlarning bu muvaffaqiyati ularning kelgusidagi faoliyatlarida mustahkam poydevor bo‘ladi.
Universitetning ilmsevar va iqtidorli talabalaridan biri, Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilib o‘sgan Otabek Esonov 19 yoshida nufuzli davlat stipendiati bo‘ldi.
– Besh yoshimda maktabga borganman va 16 yoshimda Kattaqo‘rg‘ondagi 34-maktabni bitirib, IT sohasiga qiziqishim tufayli Samarqand davlat universitetining raqamli texnologiyalar fakultetiga hujjat topshirgandim, – deydi Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti 3-bosqich talabasi, Ulug‘bek nomli davlat stipendiyasi sohibi Otabek Esanov. – Davlat granti asosida o‘qishga kirdim va butun e’tiborimni a’lo baholarga o‘qishga qaratdim. Afsuski, birinchi kursni bitirishimiz arafasida, ya’ni 2020 yil mart oyida karantin elon qilingach, masofadan turib o‘qidik. Lekin bundan ham unumli foydalandik.
Shaxsan men o‘qish bilan birga uyda o‘tirib, dasturlashni puxta o‘zlashtirishga harakat qildim. Ancha-muncha tajriba to‘plab, o‘zim dasturlar yarata boshladim. Keyin kursdoshlarim va boshqa dasturchi do‘stlarim bilan xalqaro tanlov va loyihalarda qatnashdik. Bugun hayotimizni, hech bir sohani raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Har kuni bir yangilik, yangi loyiha, dastur ishlab chiqiladi. Ulardan xabardor bo‘lib borsangiz, ularga qiziqsangiz o‘zingiz ham nimadir yaratishingiz mumkin. Aks holda ortda qolib ketasiz va keyin ularni o‘zlashtirish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun doim o‘qish, izlanish bilan band bo‘laman. Ustozim, ilmiy rahbarim Fayzulla Nazarov yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, maslahat berib boradilar.
Otabek dasturlash bo‘yicha respublika olimpiadalari va xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etadi. Bu borada bir qator muvaffaqiyatlarga ham erishgan. O‘zi singari dasturchi do‘stlaridan iborat jamoa bilan bilan birga o‘tgan yil MDH davlatlari oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda qatnashib, uchinchi o‘rinni egalladi. “Bizga ozgina tajriba yetishmadi, kelgusida albatta, g‘olib bo‘lamiz” deydi u.
– Kelgusida dasturlash bo‘yicha o‘z biznesimni yo‘lga qo‘ymoqchiman, – deydi Otabek Esonov. – Buning uchun hozirdan harakatni boshlaganman, firlanserlik faoliyati bilan shug‘ullanyapman. Har oyda bitta-ikkita dastur yaratib beraman. Lekin bu pul topishga qiziqib, o‘qishni tashlab qo‘ydi, degani emas. Men uchun birinchi navbatda o‘qish, nazariya. Keyin esa amaliyot. Ikkovini baravar olib borishga harakat qilaman. O‘zim bilganlarim, o‘rganganlarimni boshqa tengdoshlarimga, quyi kurs talabalariga o‘rgatish maqsadida fakultetda dasturchilar to‘garagi ochganmiz. Haftada ikki kun mashg‘ulotlar o‘tamiz. Qiziquvchilar ancha ko‘payib qoldi. Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lganimdan ustozlarim, ota-onam juda xursand bo‘ldilar. Ularga munosib bo‘lsam, ishonchlarini oqlasam o‘zimni eng baxtiyor farzand deb bilaman.
G‘.HASANOV, O‘zA