Samarqandlik olimlar kitobi Angliyada chop etildi
Jahon taraqqiyotida har bir soha vakillari kabi muhandislarning ham oʻz oʻrni bor.
Jahon taraqqiyotida har bir soha vakillari kabi muhandislarning ham oʻz oʻrni bor. Oʻzbekistonda ham mazkur yoʻnalishda samarali faoliyat yuritib, dunyo ilm-fani rivojiga hissa qoʻshayotgan malakali mutaxassis va olimlarimiz koʻpchilikni tashkil etadi.
Yaqinda ana shunday muhandislarimiz – Samarqand davlat universiteti va Samarqand arxitektura-qurilish instituti professori Asqar Hasanov hamda shu institut dotsenti Zoir Hasanov haqida xushxabar eshitdik. Olimlarning uzoq yillar davomidagi tinimsiz mehnati va qimmatli tajribasi mahsuli boʻlgan koʻplab oʻquv va ilmiy kitoblari qatoriga 2020-yilda Angliyaning “Taylor@Francis Group” nashriyoti tomonidan “Experimental and Theoretical Study of Strength and Stability of Soil” (Gruntlar chidamliligi va turgʻunligining eksperimental va nazariy tadqiqotlari) nomda chop etilgan kitobi qoʻshildi.
Ushbu kitobda eksperimental natijalar mavjud kuch nazariyalari bilan taqqoslanib, ulardagi nomuvofiqlik sabablari aniqlashtirilgan. Shuningdek, kitobdan tuproqning faol va passiv qarshiligi bilan kesish yuzalarining holatini aniqlash boʻyicha eksperimental maʼlumotlarning tahlili oʻrin olgan boʻlib, tuproqning kuchlanganligi nazariyasining yangi konsepsiyasi koʻrib chiqilgan (bu tuproq mustahkamligining asosiy parametrlarini: ichki ishqalanish burchagi, oʻziga xos qovushoqligi, yon sirtga bosim koeffitsiyentini hisobga olishga imkon beradi), asosiy kuchlanishlarga nisbatan ajratilgan qatlamlardagi kuchlanganlik holatini aniqlashga imkon beradigan analitik ifodalar, tuproqlar uchun yon sirtga bosim koeffitsiyenti tushunchasining fizik mohiyatiga taʼrif berilgan. Ushbu maʼlumotlar soha mutaxassislari uchun juda qimmatli hisoblanadi.
A.Xasanov 1974-yilda SamDAQI sanoat va fuqarolik qurilishi yoʻnalishini, 1981-yilda Moskva muhandislik-qurilish instituti aspiranturasini tamomlab, 1982-yilda “Zaif suv bilan toʻyingan gil tuproqlarini murakkab kuchlanganlik holatida oʻrganish” mavzusida nomzodlik, 2000-yilda esa “Zarafshon vohasining muhandislik-geologik sharoitlari misolida pastqoʻl tuproqlarning choʻziluvchanlik darajasi, choʻkish va qurilish xususiyatlarini oʻrganish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Olim 1996-yildan muhandislik geologiyasi sohasida Nyu-York Fanlari akademiyasining aʼzosi boʻlish bilan bir qatorda 2007-yildan Oʻzbekiston geotexnika uyushmasi raisi, Xalqaro mexanika va geotexnika muhandisligi xalqaro jamiyati (ISSMGE) qoshidagi “TC 19 – Geotexnika va jahon madaniy meros obyektlarini saqlash” xalqaro texnik qoʻmitasi aʼzosi, koʻplab xalqaro ilmiy grantlar, Rossiya tuproq mexanikasi, geotexnika va poydevor muhandisligi boʻyicha Rossiya jamiyatining N.M.Gersevanov nomidagi medali sohibi hisoblanadi.
Samarqand va Buxorodagi noyob obidalar misolida meʼmoriy merosni asrash, Registon ansamblida jiddiy oʻzgarishlarga olib kelgan sabablar, ushbu noyob yodgorlik va uning tuproq poydevorini mustahkamlash borasidagi loyihasi YUNESKO rahbarligida Italiya, Germaniya va Turkiyadan koʻplab olim va mutaxassislar, shuningdek, Oʻzbekistonning yirik loyihalashtirish tashkilotlaridan jalb qilingan komissiya tomonidan ishlab chiqarishga qabul qilingani ham olimning naqadar keng qamrovli ijodkor ekanligini tasdiqlaydi.
Olim 100 dan ortiq ilmiy maqola va mamlakatimizda murakkab muhandislik va geologik sharoitda qurilgan 300 dan ortiq poydevor loyihalari muallifidir. Shu bilan birga, uning “Samarqandning meʼmoriy yodgorliklari tuzilmalari” (2009), “Qumloqli tuproqlar asoslari” (2010), “Tuproqning mustahkamligi va barqarorligini eksperimental va nazariy oʻrganish” (2015) kabi kitobidan soha mutaxassislari keng foydalanib kelmoqda.
Xayrullo XUDOYNAZAROV,
Samarqand davlat universiteti
Nazariy va amaliy mexanika kafedrasi mudiri,
Texnika fanlari doktori, professor