Samarqanddagi 200 mahalla yangi binoga ega bo‘ldi
“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Samarqand viloyatidagi mahallalar hayotida yorqin sahifa qoldirmoqda. Jumladan, Yangi yil bayrami arafasida Samarqand shahridagi Abdurahmon Jomiy mahallasi, Bulung‘ur tumanidagi Yangiqo‘rg‘on, Olmazor, Navbahor, Qirqshodi, Qo‘shrabot tumanining Yangiobod, Urganji va Qo‘rg‘on mahallalarining yangi binolari foydalanishga topshirildi.
Shu paytgacha o‘z binosiga ega bo‘lmagan ushbu mahallalar xodimlari bitta-ikkita xonada, ijarada turib faoliyat ko‘rsatishga majbur edi. Endilikda barcha mahalla binolarida rais, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektori uchun alohida xonalar mavjud. Shuningdek, kutubxona va boshqa qo‘shimcha xonalar tashkil etildi.

– Bu yil viloyatimizdagi mahallalarning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga juda katta e’tibor qaratildi, – deydi Samarqand viloyati mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. – Viloyat, tuman va shahar hokimliklari, shuningdek, vazirligimiz ko‘magida o‘z binosiga ega bo‘lmagan mahallalar uchun 200 ta yangi bino qurildi. Ayni paytda yana 20 ta mahalla uchun zamon talablariga javob beradigan markazlar bunyod etilmoqda. Shuningdek, mahalla o‘quv markazi o‘z binosiga ega bo‘ldi. Yil davomida 1126 mahallaning barchasi internet tarmog‘iga ulandi. 234 mahalla kompyuter texnikasi va 159 mahalla mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, reja-jadvalga muvofiq viloyat mahalla va nuroniylar boshqarmasi binosi va 150 ta mahalla binolariga umumiy quvvati 55,5 kVt kichik quyosh fotoelektr stansiyalar o‘rnatildi.

Bulung‘ur tumanida mavjud 55 mahallaning 12 tasining binosi yo‘q edi. Bu yil tegishli dasturlar asosida 7 mahalla uchun yangi bino qurib berildi. Qolgan mahallalarga ham 2023 yilda bino qurish choralari ko‘rilmoqda.
Tumandagi yangi mahalla binolarining ochilish marosimlarida viloyat va tuman hokimliklari mas’ullari, mahalla faollari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
G‘.HASANOV, O‘zA