Samarqandda xalqaro ekologik ko‘rgazma bo‘ladi
Shu yilning 2-4-iyun kunlari Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” majmuasi ekspomarkazida Global ekologik fond (GEF)ning VIII Assambleyasi doirasida “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda “Business Congress Management” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilayotgan ko‘rgazma ekologik barqarorlikni mustahkamlash, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion ekologik texnologiyalarni joriy etish hamda barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Tashkilotchilarning qayd etishicha, o‘tgan yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ko‘rgazmasi Markaziy Osiyoda sohaga oid ilk yirik ekologik ko‘rgazma bo‘lgan va unda qariyb 7,5 ming nafar mahalliy va xorijiy ishtirokchi qatnashgandi. Bu yilgi ko‘rgazmada esa 10 mingga yaqin mahalliy va chet ellik ishtirokchi, Global yashil o‘sish instituti (GGGI), Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar qatnashishi kutilmoqda.
Ko‘rgazma doirasida ekologik mahsulot va xizmatlarga bag‘ishlangan 68 dan ortiq pavilon tashkil etiladi. Bu pavilonlarda yurtimizdagi Navoiy va Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatlari, AKFA, Jizzax akkumulyator zavodi, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, shuningdek, xorijiy kompaniyalar – Vision Invest (Saudiya Arabistoni), SUEZ (Fransiya), Cevia Environment (Xitoy Xalq Respublikasi), KOMOTO (Yaponiya), EPSOY (Finlandiya), Siberian Wellness (Rossiya), Bell energy (BAA), Oizom Instruments (Hindiston) va boshqa korxona, tashkilotlar o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etadi. Ekoinnovatorlarning innovatsion ishlanmalarini namoyish etish maqsadida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining startap loyihalari uchun qo‘shimcha 20 ta pavilon tashkil qilinadi.
Ko‘rgazma doirasida “yashil” energetika, chiqindilarni qayta ishlash, suv resurslarini boshqarish, iqlimga moslashuv va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan 50 dan ortiq sayd-iventlar, tematik forumlar, taqdimotlar va muloqot maydonchalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri