Samarqandda madaniyat haftaligi boshlandi
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti munosabati bilan madaniyat haftaligi e’lon qilindi.
Shahar aholisi va mehmonlarini xalqimizning boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishtirish maqsadida viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda madaniyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilayotgan haftalik doirasida bir qator madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda. Muzey, teatr va boshqa madaniyat saroylarida turli ko‘rgazmalar, yangi filmlar hamda spektakllar namoyishi rejalashtirilgan.

– 13-17 sentyabr kunlari O‘zbekiston madaniyati tarixi muzeyida “O‘zbekiston dunyo madaniyatlari chorrahasida”, Afrosiyob – Samarqand shahar tarixi muzeyida “Ipak va Buyuk Ipak yo‘li: Xanjoudan Samarqandgacha” hamda O‘lkashunoslik muzeyida “Samarqand – do‘stlik, hamkorlik, tijorat, madaniyat shahri” kabi ko‘rgazmalar tashkil etiladi – deydi Samarqand viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Eshonqulov. – “Nurafshon” san’at saroyida “Samarqand - Nurafshon” milliy estrada guruhining “SHHT nigohida” nomli konsert dasturi, Amir Temur maqbarasida “Sohibqiron”, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida “Mirzo Ulug‘bek” teatrlashgan kompozitsiyalari, “El merosi” teatrida “Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida” spektakllari kun davomida namoyish etiladi.
Bundan tashqari, shahardagi istirohat bog‘lari, savdo-ko‘ngilochar maskanlarda ham konsert va madaniy dasturlar o‘tkaziladi.
G‘.Hasanov,
O‘zA