Samarqandda jarrohlik amaliyoti robot yordamida bajariladi
Samarqand shahrida ana shunday imkoniyatga ega 100 o‘rinli xususiy klinika foydalanishga topshirildi.
Klinika ta’sischisi Nasimjon Komilovning ta’kidlashicha, loyihaning umumiy qiymati 15 million AQSH dollarini tashkil etadi va uning 3 million dollari xorijiy investitsiya hisoblanadi.
Klinikada 55 turdagi tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun imkoniyat yaratilgan. 5 ta jarrohlik operatsiya xonasi, 10 o‘rinli jonlantirish bo‘limi tashkil etilgan.


– Muassasa Turkiyaning Anadolu klinikasi bilan hamkorlikda ish olib boradi, – deydi klinika direktori Ramil Kupadze. – Barcha tibbiy uskuna va jihozlar nufuzli xorijiy kompaniyalardan xarid qilingan. Jumladan, Janubiy Koreyaning “Revo I” robotlashtirilgan jarrohlik kompleksi, Germaniyaning “Brainlab ner” neyroinnovatsion uskunasi, Yaponiyaning “Olimpus” video endoskopik jamlanmasi keltirilgan. Ushbu texnologiyalar orqali onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarda ham yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini bajarish mumkin. Shuningdek, neyroxirurgiya, urologiya, ginekologiya va lor kasalliklari zamonaviy tashxislash va davolash uskunalari yordamida davolanadi. Endilikda Samarqandda ilk bor robotlashtirilgan operatsiya amalga oshiriladi.


Tibbiyot maskanining ochilish marosimida Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, mazkur klinika aholiga zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.
Klinikada 190 nafar mahalliy va Turkiya hamda Koreyadan kelgan tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari