Samarqandda insoniyat buguni va kelajagiga daxldor mavzular muhokama etilmoqda
Samarqandda Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (JHST) Yevropa mintaqaviy komissiyasining 31-konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
Hayvonlar kasalliklari haqidagi ma’lumotlar shaffofligini ta’minlash, butun dunyo bo‘ylab hayvonlarning sog‘lig‘ini saqlash standartlarini ishlab chiqish va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, chorvachilikda barqaror ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash asosiy vazifasi hisoblangan JHST 1924 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 183 davlat a’zo hisoblanadi. 5 ta mintaqaviy va 8 ta submintaqaviy vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatadi. Bosh qarorgohi Parij shahrida joylashgan.
Tashkilotning funksiyalariga, shuningdek, global epizootik vaziyat bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va tarqatish, hayvonlar kasalliklariga qarshi kurashda xalqaro birdamlikni rivojlantirish, hayvonlar va hayvonot mahsulotlarining savdosi uchun xalqaro norma va qoidalarini ishlab chiqish, targ‘ib etish, veterinariya xizmatlarini rag‘batlantirish, milliy veterinariya xizmatlarining qonunchilik bazasi va resurslarini takomillashtirishga ko‘maklashish va hayvonlar farovonligini saqlash kabi vazifalar kiradi.
[gallery-19542]
O‘zbekiston Respublikasi 1992 yilda tashkilotga a’zo bo‘lgan va mamlakatimiz veterinariya sohasi mas’ullari JHSTning har yili o‘tkaziladigan Bosh sessiyasi tadbirlarida ishtirok etib kelmoqda.
JHST Yevropa mintaqaviy komissiyasi konferensiyalari esa har ikki yilda tashkilotga a’zo davlatlardan birida o‘tkaziladi.
Bu yil Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti tashkil etilganining 100 yilligi va Yevropa mintaqaviy komissiyasining 31-konferensiyasini o‘tkazish uchun O‘zbekiston tanlandi.
Xalqaro konferensiyada JHST va Yevropa mintaqaviy vakolatxonasi rahbarlari, ellikdan ortiq davlat vakillari, xalqaro ekspretlar hamda mamlakatimiz chorvachilik va veterinariya sohasi mas’ullari ishtirok etmoqda.
Anjumanning ochilish marosimida dastlab O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Yevropa mintaqaviy komissiyasi 31-konferensiyasi ishtirokchilariga murojaatini Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov o‘qib eshittirdi.
Murojaatda bugungi kunda dunyoda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, tabiiy ofatlar global oziq-ovqat xavfsizligi tahdidlarini kuchaytirayotgani ta’kidlanib, bunga qarshi jiddiy choralar ko‘rish, ilg‘or bilim va innovatsiyalarni qo‘llash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish zarurligi alohida ta’kidlangan. Mazkur konferensiya ushbu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligi va sohadagi yangi yutuqlarni keng targ‘ib etish yo‘lida barcha mamlakatlar sa’y-harakatlarini birlashtirish bugun g‘oyat muhimligi qayd etilgan. Shuningdek, murojaatda keyingi yillarda mamlakatimizda chorvachilik va veterinariya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga ham e’tibor qaratilgan.
Konferensiya yalpi majlisida Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti bosh direktori Emmanuel Subeyran xonim, JHST Yevropa mintaqaviy komissiyasi prezidenti Maris Balodis so‘zga chiqib, xalqaro konferensiyani yuksak saviyada tashkil etgani va ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston hukumati rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
– Ushbu tarixiy shaharda insoniyatning buguni va ertasiga daxldor bo‘lgan masalani muhokama qilish, turli davlatlar vakillari bilan o‘zaro tajriba almashish imkoniyatining yaratilgani biz uchun katta sharaf, – dedi Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti bosh direktori Emmanuel Subeyran xonim. – Mintaqaviy komissiyalarning bu kabi konferensiyalarida ma’lum bir mintaqa va davlatlardagi dolzarb masalalar, oldimizda turgan vazifalar muhokama qilinsa-da, bu butun dunyo xalqlari hayotiga daxldordir. Chunki globallashuv jarayonlarida hech bir muammo yoki masala faqat bir mintaqa bilan cheklanib qolmayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston mezbonligida o‘tayotgan mazkur xalqaro forum ham tashkilotimiz va unga a’zo davlatlarga daxldor masalalar yuzasidan fikr va tajriba almashish, kelgusidagi maqsad va rejalarimizni belgilab olish uchun qulay imkoniyatdir. Binobarin, bunday anjumanlar butun dunyoda hayvonlarga munosabat va ular sog‘lig‘ini himoya qilish, oziq-ovqat xavfsizligi uchun dolzarb hisoblanadi.
Anjumanning ochilish marosimida Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti bosh direktori Emmanuel Subeyran xonimga “O‘zbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Xalqaro konferensiyaning dastlabki kunida ishtirokchilar bir qator panel sessiyalarda mintaqaga xos hayvon kasalliklari va ularning oldini olish, yovvoyi qushlar migratsiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish, parranda grippining yangi shtamlarini keltirib chiqarayotgan omillar, davlatlar o‘rtasida parranda va parrandachilik mahsulotlari savdosida veterinariya nazoratini kuchaytirish, laboratoriyalar faoliyatini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Umuman, besh kunlik anjuman davomida JHST Bosh Assambleyalarida qabul qilinishi taklif etiladigan yangi standart va reglamentlar bo‘yicha mintaqa pozitsiyasini ishlab chiqish, O‘zbekiston veterinariya nazorati tizimini Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi bitim (SFS shartnomasi)ga muvofiqlashtirish bo‘yicha texnik ko‘mak olish yuzasidan JHST vakillari ishtirokida xalqaro donor tashkilotlar bilan uchrashuvlar, veterinariya ta’limi, kasalliklarga qarshi kurashish, oziq-ovqat xavfsizligi va laboratoriyalar kompetensiyasini oshirish yo‘nalishlarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mamlakatimizdan Yevropa Ittifoqi davlatlariga chorvachilik mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish, JHST ishtirokida O‘zbekiston va xalqaro moliya tashkilotlari bilan grant va imtiyozli kredit loyihalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti Yevropa mintaqaviy komissiyasining 31-konferensiyasi doirasida O‘zbekiston veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov va mazkur tashkilot rahbari Emmanuel Subeyran o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari