Samarqandda grant tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi Jamoat fondi joriy yilning may oyida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish” mavzusida davlat granti 1-tanlovini e’lon qilgan edi.
Bir oy davomida tanlovga viloyatga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamlari, xotin-qizlar va yoshlarni iqtisodiy, moliyaviy va biznes sohasidagi ko‘nikmalarini yuksaltirish orqali tadbirkorlikning turli sohalariga keng jalb qilish, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholini ommaviy sport turlariga keng jalb etish orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishni kuchaytirish, fuqarolar o‘rtasida kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish va targ‘ib qilish, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish kabi mavzular bo‘yicha 24 ta loyiha taqdim etildi.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari dasturi, loyihalarining ijtimoiy va umumahamiyatini aniqlash bo‘yicha ishchi guruhi taqdim etilgan loyihalarni ko‘rib chiqib, 10 loyihani tanlov g‘olibi, deb e’lon qildi.
Jumladan, SOS O‘zbekiston bolalar mahallasi Samarqand filiali mahallada termo-issiqxona va jonli burchakni tashkil etish loyihasi uchun, “Umid-D” xayriya markazi Samarqand viloyati NNTlarining salohiyati va huquqiy savodxonligini oshirish loyihasi uchun, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Samarqand viloyati bo‘limi “Ko‘ngillarning gul toji – kitob” loyihasi uchun grant tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
Eng yaxshi deb, topilgan loyihalarga 28-31 million so‘m, jami 305 million so‘m davlat granti ajratishga qaror qilindi.
Jamoat fondi “Jamiyatda inson huquqlari va muloqot madaniyatini yuksaltirishda NNTlar faolligini oshirish” hamda “Turizm va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, mahalla va oilalarda sog‘lom turmush tarzini va aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashda jamoatchilikni keng jalb qilish” mavzularidagi ikkinchi va uchinchi davlat granti tanlovlarini ham e’lon qildi.
G‘.HASANOV, O‘zA