Samarqandda 4075 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi
Saylov qonunchiligiga muvofiq, joriy yilning 12 — 18-dekabr kunlari saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining 57-moddasiga muvofiq, saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga oʻn kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi.
Saylov qonunchiligiga muvofiq, joriy yilning 12 — 18-dekabr kunlari saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari tashkil etildi.


Xalqaro matbuot markazi Samarqand viloyat boʻlimida oʻtkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida viloyat saylov komissiyasi raisi S. Nuriyev muddatidan oldin ovoz berish yakunlari xususida axborot berdi.
Taʼkidlandiki, viloyatdagi mavjud 1052 ta saylov uchastkalaridan 373 tasida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari oʻtkazildi. Ularda 4075 nafar saylovchi muddatidan oldin oʻtkazilgan ovoz berdi. Eng koʻp ovoz berish jarayonlari 56-Registon saylov okrugi hududida qayd etilgan boʻlib, 654 nafar saylov muddatidan oldin oʻz nomzodlariga ovoz bergan.


Matbuot anjumani davomida “Samarqand viloyat hududiy elektr tarmoqlari” AJ texnik direktori E. Mamasoliyev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari D. Xoʻjamberdiyevlar saylov jarayonlariga tayyorgarlik ishlari haqida maʼlumot berdi. Maʼlum qilinishicha, barcha saylov uchastkalarida saylov kuni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash choralari koʻrilgan. Shuningdek, favqulodda vaziyatlar uchun ham tegishli ishlar amalga oshirilgan. Saylov kuni viloyatdagi 4 ta saylov uchastkasidagi ish jarayoni onlayn tartibda efirga uzatilishi rejalashtirilgan. Buning uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan tegishli choralar koʻrilgan. Bundan tashqari viloyatdagi barcha saylov uchastkalariga masʼullar biriktirilib, aloqa va internet tarmogʻi sifatli ishlashi nazoratga olingan.Viloyatning uzoq hududlaridagi 14 ta saylov uchastkasi saylov kuni sputnik orqali aloqa va internet tarmogʻi bilan taʼminlanadi.
Anjuman yakunida ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollari javob oldi.
