Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Buyuk Britaniyadagi tibbiyot universitetlari va shifoxonalari yetakchi mutaxassislaridan iborat delegatsiya Samarqand davlat tibbiyot universiteti va uning klinikasi faoliyati bilan tanishdi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Zayniyev bilan uchrashuvda sog‘liqni saqlash sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, hamshiralarning xalqaro standartlarga mos yangi formatdagi noyob ta’lim kampusini yaratish, Buyuk Britaniya standartlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish va milliy ta’lim tizimiga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

***
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov viloyatdagi ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rgandi.
Jumladan, Bulung‘ur tumanidagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, muassasalar rahbarlari va pedagoglarning takliflarini eshitdi.

***
Urgut tumanidagi “Chor chinor” oromgohida viloyatda yozgi mavsumda bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumini namunali tashkil etish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi oromgohlar hamda mavsumga mas’ul tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Tadbir davomida oromgoh rahbarlari o‘zaro tajriba almashib, namunali ish uslublarini o‘rgandi.

***
Xitoyning Changchun shahrida o‘tkazilgan "Rail Vehicle Technology Skill Competition" (temiryo‘l transporti texnologiyalari bo‘yicha mahorat tanlovi) musobaqasida O‘zbekiston vakillari – Samarqand temiryo‘l texnikumi talabalari jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bu bilan ular 2026 yilda Shanxayda o‘tkaziladigan "Shanxay-2026" xalqaro "Worldskills" kasblar chempionatiga yo‘llanma oldi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri