Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov Payariq tumani Do‘stlarobod mahallasida yakka tartibdagi tadbirkor Noila Hamrayeva tomonidan tashkil etilgan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun kunduzgi qatnov – “Azizim” loyihasi bilan tanishdi.
Shuningdek, tuman mahallalarida faoliyat ko‘rsatayotgan ijtimoiy xodimlar bilan uchrashib, ijtimoiy yordamga muhtoj aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan ularning takliflarini tingladi.

***
Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosarlari Xitoy Xalq Respublikasi “Xinjiang Transportation Investment (Group) Co.,Ltd” bosh direktori Vang Cheng boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Vang Cheng tomonidan avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar qurish, logistika, qurilish yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda turizm sohasida hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Samarqand viloyati mas’ullari ushbu takliflarni ma’qulladilar va loyihalarni amalga oshirishning texnik jihatlari va dolzarbligi ko‘rib chiqildi. Jumladan, “Shirin” massivida aholi turar joylari va mehmonxonalar qurish, savdo majmualari va erkin savdo markazlari tashkil yetish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama etildi.

***
Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov va AQSHning Texas universiteti prorektori, professor Xuan Enrike hamkorlik shartnomasi imzoladi.
Uchrashuvda universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Texas universiteti talabalari uchun Samarqand davlat universitetida qisqa muddatli o‘quv kurslarini o‘tkazish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va stajirovkalarni tashkil etishga kelishib olindi.

***
Samarqand shahrida respublika yosh ijodkorlari an’anaviy Zomin seminarining Samarqand va Jizzax viloyatlari hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli ijodkorlar she’riyat, bolalar adabiyoti, badiiy publitsistika va tarjima, nasr yo‘nalishlari bo‘yicha shu’balarga bo‘lingan holda yoshlarning ijod namunalarini ko‘rib chiqdilar. Har bir nomzod bilan muloqot o‘tkazilib, zarur tavsiyalar berildi va mahorat darslari o‘tildi.

– She’riyat yo‘nalishidagi ishtirokchilarning ijodiy ishini ko‘rib, ularga yanada ko‘proq kitob o‘qishni tavsiya qildim, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Bobur Bobomurod. – Yaxshi she’r yozish uchun ijodkor bilimli bo‘lishi lozim. Ayrim ishtirokchilarning she’rlarida nafosat yetishmaydi. Ichki kechinmalarini yanada balandroq ruhda ayta olish kerak.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri