Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyat hokimligida respublika Bosh prokurori o‘rinbosari D.Qosimov ishtirokida investitsiya dasturlarining bajarilishi, oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda tijorat banklaridagi muammoli kreditlarning undirilishi ahvoli yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda hududlarda olib borilgan o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklar, yo‘l qo‘yilgan xatolar qayd etilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

***
Samarqand shahrida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nuriddin Kalonovning “Samarqand ruhi” va “Ustoz-shogird” nomli ijodiy asarlari ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etdi va ijodkorni tabrikladi.

***
Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida Xitoy kompaniyalari bilan universitet va sanoat korxonalari hamkorligi markazi ochildi.
Universitet rektori Chidem Turkyilmaz Xitoyning “Hebei Lakoo Automation Equipment” va “XingTai LangTai Agricultural Technology” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari vakillari bilan uchrashuvda markazning faoliyati, asosiy maqsad va rejalar yuzasidan fikrlashib oldi.

***
Respublika oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida milliy marosim va urf-odatlarni asl holicha saqlash va targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilayotgan “Ayol – qadriyatlar davomchisi” tanlovining viloyat bosqichida tuman va shaharlardan 16 jamoa ishtirok etdi.

Belgilangan shartlarni yuksak darajada bajargan Bulung‘ur tumani jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ishtixon va Samarqand tumanlari jamoalari keyingi sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri