Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi hamda viloyat sport boshqarmasi tashabbusi bilan ommaviy piyoda yurish marafoni o‘tkazildi.
Payshanba – jismoniy tarbiya va sport kuni hamda “Butunjahon salomatlik kuni” munosabati bilan tashkil etilgan marafonda viloyatdagi korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda xodimlari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.

***
Elektr energiyasi ta’minotini yanada yaxshilash va ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ qurilish-montaj direksiyasi filiali Samarqand bo‘linmasiga 5 dona hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” Samarqand bo‘linmasiga 8 dona “Damas” rusumli xizmat mashinalari topshirildi.
Avvalroq Navro‘z umumxalq bayrami arafasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tasarrufidagi elektr ta’minot korxonalariga 10 dona “Damas” rusumli avtomashina va 3 dona “Isuzu” rusumli maxsus texnika berilgan edi.

***
Samarqand shahrida velosport shosse bo‘yicha "U-23" yosh toifasida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston chempionatida 100 nafar ishtirokchi 20 va 40 kilometr masofada bellashmoqda.
Bugun yakkalik guruhlar o‘rtasidagi poygalarda Surxondaryo viloyat terma jamoasi a’zolari shohsupaga ko‘tarildi va Nikita Svetkov birinchi, Davirjon Abdurahmonov ikkinchi o‘rinni egalladi. Toshkent viloyati vakili Farrux Bobosherovga uchinchi o‘rin nasib etdi.

***
Xalq deputatlari viloyat Kengashining bugungi sessiyasida viloyat mahalliy byudjetning 2025 yil 1 yanvar holatiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan Ishtixon tumani Orlot qishlog‘ida O‘zbekiston musulmonlari idorasining sobiq raisi, muftiy Usmonxon Alimov dafn etilgan maskanni obod qilish, ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 1 milliard so‘m mablag‘ ajratishga qaror qilindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri