Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Xitoyning yetakchi qurilish kompaniyalaridan biri bo‘lgan China State Construction Engineering Corporation (CSCEC) kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Mazkur kompaniya dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida infratuzilma, ko‘chmas mulk, muhandislik va loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirmoqda. Xitoydagi osmono‘par binolarning 90 foizidan ortig‘ini ham ushbu kompaniya barpo etgan.

Muloqot davomida kompaniya mas’ullari Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan “Shirin” ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksi qurilishida ishtirok etish istagini bildirib, o‘z takliflarini taqdimot shaklida namoyish qildi.
***
Ayni paytda viloyatning Urgut, Bulung‘ur, Samarqand va Nurobod tumanlaridagi mahallalarda do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, aholisining asosiy qismini tojik millatiga mansub fuqarolar tashkil etadigan Nurobod tumanidagi Oqsoy mahallasida Ramazon hayiti hamda bahor bayrami keng nishonlamoqda. “Varraklar sayli”, “Oq terakmi – ko‘k terak”, “Chillak” singari milliy xalq o‘yinlari, turli millat vakillarining folklor-etnografik ansambllari chiqishlari barchaga manzur bo‘lmoqda.
“Mehr-oqibat dasturxoni” shiori ostida turli millatlarning milliy taomlari tayyorlandi va albatta, dasturxonning shoh taomi bo‘lgan palov pishirilib, hayit oshi sifatida elga ulashildi.
***
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida yurtimizning uzoq hududlaridan kelib o‘qiyotgan va dam olish kunlarida ham talabalar turar joyida bo‘lgan 300 nafardan ortiq talabalar uchun Ramazon hayiti bayram dasturxoni yozildi.

Universitet rektori Xudoynazar Yunusov talabalar turar joyiga kelib, Ramazon hayitini Samarqandda nishonlayotgan talabalarni bayram bilan tabrikladi. Suhbat jarayonida xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi fazilatlar, qadriyat va an’analar haqida so‘z yuritildi.
***
Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Otabek Toshniyozov Ishtixon tumanida bo‘lib, “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida huquqiy targ‘ibot tadbirini o‘tkazdi.
Tadbir davomida fuqarolarga inson huquqlari, ularni himoya qilish mexanizmlari haqida tushuncha berildi. Shuningdek, fuqarolar qabuli tashkil etilib, murojaatlari qabul qilindi.
G‘.HASANOV,
O‘zA muxbiri