Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) vakillari bilan uchrashuvda Samarqand shahrida jamoat transporti tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihaning istiqbollari va keyingi bosqichlarini muhokama qildi.
Bankning “Yashil shahar” loyihasida ishtirok etayotgan Samarqand shahriga shu paytgacha 100 ta zamonaviy elektrobus keltirilib, aholiga jamoat transport xizmati ko‘rsatmoqda. Uchrashuvda yana qo‘shimcha elektrobuslar xarid qilish va ularning samarali ishlashi uchun zarur infratuzilma yaratish, elektrobuslar yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

***
Samarqand viloyat prokurori va viloyat IIB boshlig‘i tomonidan huquqni muhofaza qilish organlari hamda hokimliklar mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Pastdarg‘om va Toyloq tumanlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida yo‘l qo‘yilayotgan tizimli xato va kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi.
Muhokama jarayonida surishtiruv va tergovi to‘xtatilgan jinoyat ishlarini fosh etish hamda tezkor-qidiruv tadbirlarini olib borish, qonuniylikni ta’minlash yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari raisligida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi tanqidiy muhokama qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

***
Ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida Samarqand shahrida o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichi yakuniga yetdi.
Quyi bosqichda g‘olib bo‘lgan 145 nafar o‘quvchi ishtirok etgan olimpiadada matematika fani bo‘yicha surxondaryolik Ziyodulla Eraliyev, ona tili va adabiyot fanidan samarqandlik Nazokatxon Butunboyeva, rus tili va adabiyoti fani bo‘yicha Sirdaryo viloyatidan kelgan Iroda Kushayeva, tarix fanidan buxorolik Elshod Ismatov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Olimpiadada birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi sertifikat va pul mukofotlari berildi.

***
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida turkiyalik olimlar tomonidan yozilgan “O‘zbekiston: davlat, jamiyat va migratsiya” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Kitob mualliflari O‘zbekiston tarixi, madaniyati, siyosiy tizimi va migratsiya masalalariga oid tadqiqotlari, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarda olib borgan izlanishlari to‘g‘risida fikrlarini bildirdilar.

Universitet rektori Chidem Turkyilmaz, Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ilmiy tadqiqotlar markazi (AREM) raisi Selim Chapar mazkur asar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri