Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Samarqand shahri va Qozog‘istonning Chimkent shahri turizm sohasi vakillari, turoperator va tur agentlar ikki shaharning turizm imkoniyatlarini namoyish qildi.

Tadbirda ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritilib, sayyohlik mahsuloti va brendlarini rivojlantirish, mehmonxona xizmatidan foydalanish hamda turizm yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashildi va hamkorlik memorandumi imzolandi.
****
“Eng yosh ma’naviyatchi-2024” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida ma’naviy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning yetakchilik, tashabbuskorlik, ijodkorlik va liderlik qobiliyatlari sinovdan o‘tkazildi.

Tanlov natijasiga ko‘ra, Samarqand shahri vakili Bekzod Burhonov Samarqandning eng faol yosh ma’naviyatchisi deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Keyingi o‘rinlar oqdaryolik Yulduz Xudoyberdiyeva va urgutlik Xurshid Xursandovga nasib etdi.
****
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Davron Nazarmuhammedov ishtirokida joriy yilning 6 oyi davomida hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yo‘l-harakati xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan tuman va shaharlar rahbarlariga bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar xususida ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi. Korrupsiya va tamagirlikka yo‘l qo‘ymaslik, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish borasida qat’iy talab va topshiriqlar berildi.
****
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tizimdagi ijobiy tajribalarni o‘rganish hamda o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan seminarning navbatdagisi Bulung‘ur tumanida o‘tkazildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, viloyatdagi yetakchi tibbiyot muassasalari, shuningdek tuman, shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari ishtirok etgan seminar tumanning Zarafshon mahallasida joylashgan “Ipak yo‘li” oilaviy shifokorlik punktining yangi, zamonaviy qiyofadagi binosining ochilish tadbiri bilan boshlandi. Tadbir qatnashchilari tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxona faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
G‘.HASANOV,
O‘zA muxbiri