Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Viloyatdagi davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlili yuzasidan seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand filiali mas’ullari viloyatdagi rahbar kadrlarning mazkur qarorga nechog‘lik rioya etayotgani haqida ma’lumot berdi.

***
Samarqand tuman hokimligida o‘tkazilgan viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining sayyor qabulida boshqarma boshlig‘i Ya.Mirzarahimov yigirmaga yaqin tadbirkorlarning bojxona tizimi bilan bog‘liq murojaatlarini eshitib, ularga batafsil javob berdi.
Shuningdek, eksport-import bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat, texnika va texnologiya, to‘qimachilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha berilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

***
“Samarqand suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati rahbari o‘rinbosari Asatulla Tursunov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayt etilishicha, bugun viloyatdagi 828 mahalla to‘liq, 175 tasi qisman markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 120 ta mahalla aholisi esa ichimlik suvini boshqa manbalardan oladi.
Joriy yilning birinchi yarmida korxona tomonidan 35,8 kilometr suv tarmog‘i tortilib, 35 ta nasos energiya tejamkoriga almashtirilgan. Shuningdek Davlat dasturi ijrosi doirasida 8 ta yangi suv inshootini qurish, 2 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish hamda 193 kilometr suv tarmog‘ini qurish bo‘yicha berilgan takliflar asosida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

***
Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun o‘tkazilayotgan test sinovlarining beshinchi kuni, ya’ni 18 iyul birinchi navbatda 29251 nafar abituriyent imtihonda qatnashgan, 2592 nafar abituriyent esa turli sabablarga ko‘ra testga kelmagan.
Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limining ma’lum qilishicha, test sinovlari boshlanganidan buyon 8 nafar abituriyent taqiqlangan vositalarni olib kirishga uringani, 6 nafari test qoidalarini buzgani, 3 nafari taqiqlangan vositalarni ishlatgani sababli test sinovlaridan chetlatilgan.

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri