Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
24 nafar bemor operatsiya qilindi
Toshkent shahridagi Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori boshchiligidagi yigirma nafarga yaqin tor soha mutaxassislari Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasblariga o‘z tajribalarini o‘rgatdi.

Markazda davolanayotgan bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tavsiyalar berildi. Bolalar milliy tibbiyot markazi va samarqandlik jarrohlar hamkorlikda 24 nafar og‘ir tug‘ma nuqsonli rivojlanishi bo‘lgan bemor bolada yuqori texnologik operatsiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
IIB boshliqlari Samarqand shahri tajribasini o‘rgandi
Samarqand viloyati tuman va shahar IIB boshliqlari ishtirokida Samarqand shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

Seminarda boshqarma va uning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan kun davomida amalga oshiriladigan ishlar, “Xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz hudud” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan faoliyat haqida batafsil tushuncha berildi. Shahardagi “qizil” toifadagi hududlarni “sariq” yoki “yashil” toifaga o‘tkazishda amaliyotda qo‘llanilayotgan tajribalar qayd etildi. Shuningdek, shahar yo‘l patrul xizmati tomonidan YTHning oldini olish va kamaytirish, kuzatuv kameralari va tezlikni cheklovchi radarlardan foydalanish borasidagi ishlar o‘rganildi.
Hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari shaharning Qorasuv maskanidagi 9-son IIB faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Benzin olib ketayotgan mashinada yong‘in chiqdi
25-fevral kuni soat 00:59 larda M37 yo‘lining Paxtachi tumani Xudoyberdi mahallasi hududidan o‘tgan qismida “Buxoro – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Mersedes Bens” rusumli, davlat raqami 70 O 010 JA bo‘lgan yuk avtomashinasi g‘ildiragi yorilib ketishi natijasida uchqun chiqib, ushbu avtomashina sisternasidan benzin oqishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan.

Yong‘in Paxtachi tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘chirilgan. Ushbu hodisada tan jarohati olganlar va vafot etganlar yo‘q.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri