Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Rahbarlar teatrga bordi
Davlatimiz rahbari raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida idora va muassasalarda oyning bir kunini “Teatr kuni” deb e’lon qilish hamda rahbar va xodimlarning teatrlarga borishini yo‘lga qo‘yish taklif etilgan edi.
Ana shu tashabbus asosida Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlar, muassasalar boshliqlari oila a’zolari bilan birga viloyat musiqali drama teatriga borib, “Layli va Majnun” spektaklini tomosha qildi.

Mazkur spektakl yaqinda Madaniyat vazirligining “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” madaniyat va san’at milliy mukofoti tanlovida “Yilning eng yaxshi spektakli” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgandi.
Xitoylik san’atkorlar Samarqandda
Samarqand shahrida Xitoy Markaziy opera teatri san’atkorlari tomonidan “Quvnoq Xitoy Yangi yili” nomli konsert dasturi namoyish etildi.

Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan konsertda xitoylik taniqli san’at ustalari tomonidan Xitoy va G‘arb kompozitorlarining asarlari, Xitoy xalq milliy qo‘shiqlari ijro etildi.
Xususiy universitetda 20 nafar talaba davlat granti asosida o‘qiydi
Samarqanddagi dastlabki xususiy universitetlardan biri – Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faoliyat boshlaganiga ikki yil to‘ldi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda universitet rektori Yu.Abdullayevning ta’kidlashicha, bugungi kunda ta’lim muassasasida 11 yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. O‘quv jarayonlari ingliz tilida olib boriladi.
O‘tgan yil universitetga 200 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 20 nafar talaba davlat granti asosida tahsil omoqda. Shu bilan birga 68 nafar iqtidorli, shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj talabaning o‘qish xarajatlari universitet vasiylik kengashi tomonidan qoplab beriladi.

Universitetda bugungi kunda 30 nafardan ortiq xorijlik malakali professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri